So‘nggi haftalarda xayoliy turnir – Yevropa Superligasi haqida tobora ko‘proq yangiliklar paydo bo‘lmoqda. Ko‘pchilikning fikriga ko‘ra, ushbu loyiha nafaqat zamonaviy futbolni o‘zgartiradi, balki uni butunlay yo‘q qilib yuborishga ham qodir. Ushbu mavzu hozir juda dolzarb bo‘lib, so‘nggi paytlarda UEFA o‘z obro‘yi va ishonchini yo‘qotmoqda. Buning yorqin misoli – transfer bozoridagi firibgarligi uchun “Manchester Siti”ni Chempionlar Ligasidan chetlatishga bo‘lgan muvaffaqiyatsiz urinishdir. Hozirda esa Superliga haqida juda ko‘p gapirilmoqda. Ba’zilar ushbu musobaqa haqida orzu qilayotgan bo‘lsa, boshqalari uning xatarli istiqbollaridan qo‘rquvga tushmoqda. Demak, quyida Superliga haqida ma’lum bo‘lgan barcha jihatlar haqida hikoya qilinadi.

Yevropa Superligasi: loyiha, klublar va pullar

So‘nggi yillarda Yevropa ommaviy axborot vositalarida Superliga haqida ko‘plab ma’lumotlar paydo bo‘lmoqda. Ammo aksariyat hollarda bu mish-mish yoki ma’lumotlarning bir parchasigina bo‘lib xizmat qilmoqda. Der Spiegel nashri bo‘lajak (va ehtimoliy bo‘lgan) turnirning asosiy qoidalarini belgilab beruvchi hujjatlarni qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Hozir aynan ushbu ma’lumotlardan foydalanadi.

Foto: Twitter

Superliga tarkibiga 16 ta jamoa kiritilishi taxmin qilinmoqda. Ulardan 11 tasi musobaqada 20 yil davomida muntazam ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Qolgan beshta jamoaga esa Superligada muntazam ishtirok etish kafolatlanmagan. Ushbu holatda yana bir musobaqa (ikkinchi divizion) bo‘lib o‘tib, uning ishtirokchilari yuqori divizionga ko‘tarilish uchun kurashadilar. Superligadagi beshta eng yomon natija ko‘rsatgan klublar esa o‘z navbatida ikkinchi divizionga tushib ketadi. Musobaqaning daxlsiz 11 ishtirokchisi mavsum yakunidagi natijalaridan qat’i nazar elitada qolaveradi.

Superliganing asosiy maqsadi – eng yirik va moliyaviy barqaror klublarni birlashtirishdir, daromadning asosiy qismi ham aynan ular orasida taqsimlanadi. Daromadning esa katta bo‘lishi kutilmoqda. Nazariy jihatdan Superliga o‘yinlari millionlab tomoshabinlarni jalb qila oladi. Bunga ushbu turnirning har bir bellashuvi Chempionlar Ligasining yarim final yoki final o‘yiniga o‘xshashi sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, translyatorlar ham musobaqani namoyish etish huquqini qo‘lga kiritish uchun istalgan pulni to‘lashga tayyor bo‘ladi. Stadionlarda ham anshlag bo‘lishi kutilmoqda. Ammo hozircha bularning barchasi nazariyaligicha qolmoqda.

Foto: Twitter

Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra 11 ta daxlsiz klub tarkibiga “Yuventus”, “Real”, “Bavariya”, PSJ, “Arsenal”, “Manchester Yunayted”, “Manchester Siti”, “Liverpul”, “Chelsi”, “Milan” va “Barselona” kiradi. Avvaliga “Atletiko”, “Borussiya Dortmund”, “Roma”, “Inter” va “Marsel”ni ham ushbu ro‘yxatga kiritish rejalashtirilgandi. Ammo keyinchalik bu jamoalarning har biri Superligadagi birinchi muvaffaqiyatsiz mavsumidan keyinoq quyi ligaga tushib ketishi mumkinligi sabab bunday qilinmagan.

Superliga tarafdorlari va unga qarshilar

Hamon ushbu turnirning yaratilishi ortida kim turgani noma’lumligicha qolmoqda. Mish-mishlarga ko‘ra, amerikalik ishbilarmonlar Superliga g‘oyalarini oldinga surmoqda. Birinchidan, buni musobaqa formati ham tasdiqlab turibdi. Bu xuddi okean orti ligalaridagi kabi bo‘ladi – muntazam mavsum, keyin esa pley-off bosqichlari. Ya’ni Superliga to‘liq mavsum ko‘rinishida o‘tadi. Ikkinchidan, Amerika banklaridan biri loyihaga 4 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ kiritishga tayyor. Aynan Qo‘shma Shtatlarda ushbu musobaqa tijorat jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonilmoqda.

Foto: Google Images

Yevropada esa Superligani yaratish g‘oyasini “Real” prezidenti Florentino Peres eng faol targ‘ib qilmoqda. OAV bu masalada uning asosiy ittifoqchisi deya “Yuventus” prezidenti Andrea Anyellini ko‘rsatmoqda. Ikkala funksioner ham zamonaviy futbolni, ayniqsa, karantindan keyingi davrda isloh qilish zarurligini ochiqchasiga himoya qilmoqda. Qizig‘i shundaki, o‘tgan haftada Peres italiyalik hamkasbi bilan uchrashish uchun Turinga tashrif buyurdi. Tomonlar uchrashuvda aynan mazkur islohot masalalarini muhokama qilgan bo‘lsa ajab emas.

“Manchester Yunayted” vitse-prezidenti Ed Vudvord avvalroq mankunianlar Superligani yaratish bo‘yicha muzokaralarda qatnashayotganiga ishora qilgandi. “Yunayted” egalarining amerikalik ishbilarmonlar ekanligi hisobga olinsa, buning ajablanarli joyi yo‘q. “Barselona”ning sobiq rahbari Xosep Bartomeu lavozimdan ketishdan oldin kataloniyaliklar yangi turnirda ishtirok etishga rozi ekanliklarini aytgandi. “Ko‘k-anorranglilarning” yangi prezidenti bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan Xoan Laporta ham loyiha uni ham qiziqtirib qo‘yganini ta’kidlagan. Ammo “Bavariya” boshqaruv raisi Karl-Xayns Rumenigge Myunxen klubining yangi turnir yaratish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etganini qat’iyan rad etdi.

Superliga tashkilotchilari bor e’tiborini Angliyaga qaratmoqda. Bu Premyer Ligada tijorat jihatidan yaxshiroq imkoniyatlarga ega bo‘lgan jamoalarning ko‘pligi bilan bog‘liqdir. The Times xabariga ko‘ra Superliga tashkilotchilari turnirda ishtirok etish uchun (Angliyadan) “kuchli oltilik” klublarining har biriga 310 million funt sterlingdan taklif qilgan. Shuningdek, ular inglizlarga yiliga 200 million funtdan daromad olishini ham va’da qilgan. Taklif, albatta, jozibali ko‘rinmoqda, ammo hozircha ushbu taklifga hamma ham rozi bo‘lgani yo‘q. Va umuman olganda, Yevropa klublari orasida Superligaga qo‘shilishning maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida ko‘plab kelishmovchiliklar mavjud.

Superliganing ehtimoliy oqibatlari

Shubhasiz, Superligani yaratish g‘oyasi Yevropa futbolida sodir bo‘layotgan barcha narsalarga UEFA ta’sirini olib tashlashdan iborat. Ushbu musobaqa paydo bo‘lishi bilan Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasi kabi turnirlar maqsadsiz bo‘lib qoladi. Nazariy jihatdan ular tomoshabinlarga Superliga singari top-darajadagi o‘yinlarni taqdim eta olmaydi. Mavjud turnirlarni yangisi musobaqa bilan parallel ravishda o‘tkazishdan esa hech qanday mantiq yo‘q. Bundan tashqari UEFA Yevropa futbolining regulyatori hisoblanmay qo‘yadi. Top-klublar o‘z bilganicha harakat qilishi mumkin bo‘ladi.

Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun UEFA, FIFA va boshqa beshta konfederatsiyalar prezidentlari Superliga yaratish g‘oyasi qoralangan ochiq xatni e’lon qildi. Ushbu loyihada qatnashishga rozi bo‘lgan klublar UEFA va FIFA turnirlarida ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ladi. Yangi loyiha o‘z navbatida ichki ligalarga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Birinchidan, ushbu klublar ichki chempionatlardan chetlatilishi mumkin. Ikkinchidan, ularning o‘zlari milliy chempionatda ishtirok etishni istamasligi mumkin, chunki asosiy kuch Superligaga tashlanadi. Uchinchidan, tomoshabinlarning chempionatlarga bo‘lgan qiziqishi susayadi. “Manchester Yunayted” va “Liverpul”ning ikkinchi tarkiblari o‘ynaydigan Premyer Ligani kim ham tomosha qilardi?

Foto: Twitter

Superliga paydo bo‘lishidan sport prinsiplari ham zarar ko‘rishi aniq. Top klublarda milliy chempionatlarda shiddat bilan harakat qilishga sabab bo‘lmaydi, boisi ular shundoq ham Superligada qatnashish kafolatiga ega. O‘rtamiyona jamoalarni kuzatish esa unchalik ham qiziq emas. Biroq yangi musobaqa tomoshabobligiga qaramay, sensatsiyalardan xoli bo‘ladi. U yerda “Lion” “Manchester Siti”ni yutib qo‘ymaydi, “Napoli” “Liverpul” bilan raqobatlasha olmaydi. “Leypsig” esa “Atletiko”ni mag‘lub eta olmaydi. Shuningdek, o‘yinchilarning ham imkoniyatlari cheklanadi. Axir Superliga klublarida hamma uchun yetarli joy yo‘q-ku.

Superligani yaratishdan asosiy maqsad iqtisodiy foyda olishdir. Bunda top-klublar boyishda davom etadi, o‘rtamiyonalar esa jon saqlash uchun kurashadi. Ular grandlarga futbolchilar tayyorlaydigan akademiyalarga o‘xshashga markazga aylanib qoladi. Aslida Superliganing uzoq muddatda muvaffaqiyatli bo‘lishiga ham kafolat yo‘q. Ertami, kechmi odamlar baribir sensatsiyalarni, kashfiyotlarni xohlab qoladi, ammo bularning hech biri amalga oshmaydi. Garchi, halokatli haqiqat uncha uzoqda bo‘lmasa ham, hozircha Superligani yaratish g‘oyasi utopik ko‘rinishga ega bo‘lib turibdi. Futbol – konservativ o‘yin va, ehtimol, shundayligicha qolgani yaxshiroqdir.