Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida fuqarolarning umummilliy norozilik namoyishi boshlandi. Namoyishchilar koronavirus pandemiyasi sabab restoran va kafelar faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilish talabi bilan chiqqan, deya xabar qilgan “TASS”.

Foto: “TASS”

Mamlakatning turli shaharlaridan kelgan yuzlab namoyishchilar Sofiyadagi “Ozodlik marshi” tomon harakatlangan va 1-fevraldan boshlab restoran-u kafelar faoliyatini yuritishiga ruxsat berilishini talab qilmoqda. Politsiyachilar ularni hukumat va mamlakat parlamenti binosidan uzoqlashtirgan, shahar markazida xavfsizlik tartibi kuchaytirilgan.

“Bizning yagona talabimiz shu – ishlashimizga ruxsat berilsin. Restoranlarimiz nima uchun yopib qo‘yilganini tushunmayapmiz, mehmonxonalardagi restoranlar esa bir oydan beri ishlashda davom etyapti, bunda koronavirus bilan kasallanish holatlari kuzatilmagan”, – degan namoyish tashkilotchilaridan biri Emil Kolarov.

“Cheklovlarning asosiy sababi biz butunjahon moliyaviy inqirozi holatidamiz. Hayot uchun kurashishda davom etyapmiz va har bir insonning omon qolishi biz uchun juda muhim. Biz o‘zaro muloqot va cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatishga tayyormiz. Restoran va kafelar faoliyatini yuritishiga 1-martdan ruxsat berishimiz mumkin”, – degan maxsus brifingda Bolgariya sog‘liqni saqlash vaziri Kostadin Angelov.

Livan va Niderlandiyada lokdaunga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tayotgani, o‘nlab odamlar jarohatlanib, yuzlab kishilar hibsga olingani haqida xabar berilgandi. Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte mamlakatda yuz bergan tartibsizliklarni qoralagan.