Prezident Jo Baydenning inauguratsiya marosimini 40 millionga yaqin teletomoshabin kuzatdi, deb xabar berdi “Interfaks”.

Foto: Getty Images

Nielsen kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, Baydenning qasamyodini oltita asosiy televizion yangiliklar kanali orqali 39,9 million kishi tomosha qilgan. 2017-yilda sobiq prezident Donald Trampning inauguratsiyasini 38,35 million — Baydennikidan 4 foiz kam kishi kuzatgandi.

Inauguratsiya marosimlarini translyatsiya qilgan tarmoqlar reytingida CNN telekanali yetakchilik qildi, undan keyin ABC, MSNBC, NBC va CBS.

Ma’lumot uchun, translyatsiya orqali eng ko‘p tomoshabinlarni Barak Obamaning 2009-yildagi inauguratsiyasi to‘plagan: Nielsen agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, teletranslyatsiyani 37,8 million amerikalik tomosha qilgan, CNN telekanalining sayti translyatsiya tomoshabinlarining sonini 27 million kishi deb qayd etgan, yana kamida 700 ming kishi uni YouTube’da ko‘rgan.

Taqqoslash uchun: Ronald Reyganning 1981-yildagi qasamyodi translyatsiyasini 41,8 million kishi ko‘rgan. Trampning 2016-yil noyabridagi saylovlarda g‘olib chiqqach so‘zlagan nutqini esa 71,4 million kishi tomosha qilgan.

AQShda Prezident inauguratsiyasi birinchi marta radio orqali 1925-yilda, Kalvin Kulij qasamyod qilayotgan vaqtda translyatsiya qilindi. Garri Trumenning 1949-yildagi qasamyodi televideniye orqali ko‘rsatilgan, Jon Kennedining (1961-yil) qasamyodi esa rangli televideniye orqali namoyish qilingan birinchisi bo‘ldi. Bill Klintonning 1997-yildagi inauguratsiyasini internet orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda kuzatish mumkin bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 20-yanvar kuni AQSh 46-prezidentining inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bayden 2020-yilning noyabridagi prezidentlik saylovlarda qayta saylanmoqchi bo‘lgan Donald Trampni mag‘lub etdi. Saylov natijalarini bir nechta “ikkilanuvchi” shtatlardagi ovoz berishlar hal qildi. Tramp ancha vaqt sudlar orqali saylov natijalarini bekor qilishga urindi, ammo oxir-oqibat bu urinishlar muvaffaqiyatsiz bo‘lganini tan oldi. Tramp Baydenning inauguratsiyasida qatnashmadi.