Qashqadaryoning Kasbi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Majburiy ijro byurosining xodimini bolta bilan jarohatladi. Bu haqda MIB markaziy apparati matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovga tayanib “Xabar.uz” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 20-yanvar kuni ko‘ngilsiz holat MIB xodimining sud hujjati ijrosi jarayonida ro‘y bergan. Ya’ni sud hujjatlari bo‘yicha qarzdor B.Q.dan davlat foydasiga 10 731 742 so‘m soliq qarzdorligi hamda 429 270 so‘m davlat bojini undirish belgilangan. Biroq MFY raisi (ayni vaqtda qarzdor) ijro harakatlarini amalga oshirayotgan xodimning ishiga to‘sqinlik qilib, xonadonidan olib chiqqan bolta bilan uning chap yelkasi orqa tomoniga tan jarohati yetkazgan.

Hozirda holat bo‘yicha Kasbi tumani prokuraturasi tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Andijonda MIB xodimini do‘pposlagan fuqaroga sud hukmi o‘qilgani, Sirdaryoda MIB xodimini kaltaklagan ota-o‘g‘il sudlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.