Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligidagi barcha telefon liniyalari uzilib qolgan. Shu bilan birga, internet va uyali aloqa bilan bog‘liq muammolar mavjud. Bu haqda Meduza xabar qilmoqda.

Foto: “RIA Novosti”

“Barcha shahar telefon liniyalari butunlay uzilgan. Bunday holat ilgari hech qachon bo‘lmagan”, – deb xabar qildi bosh konsullik “TASS”ga.

“RIA Novosti” manbasining ta’kidlashicha, Amerika tomoni texnik muammolar tufayli bunday bo‘lganini aytmoqda.

“Ular ikki kun davomida muammoni hal qila olmadi. Bu hech qachon sodir bo‘lmagan. Bizdagi bir emas, ikki emas, balki juda ko‘p liniyalar shunday holatda. Va barchasi birdaniga o‘chirib qo‘yilgandek”, – dedi agentlik manbasi.

Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi 1994-yilda ochilgan. U Manxetten markazida 91-ko‘chada joylashgan bo‘lib, Konnektikut, Illinoys, Indiana, Men, Massachusets, Michigan, Minnesota, Nyu-Xempshir, Nyu-Jersi, Nyu-York, Ogayo, Pensilvaniya, Rod-Aylend, Vermont va Viskonsin shtatlarida yashaydigan Rossiya fuqarolariga konsullik xizmatlarini taqdim etadi.

Avvalroq rossiyalik xakerlar AQSh moliya vazirligi tizimiga hujum uyushtirgani hamda Jo Bayden Rossiyani AQSh uchun asosiy xavf deb atagani haqida xabar berilgandi.