FIFA va OFK hakami Sherzod Qosimov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) tomonidan jazoga tortildi.

Foto: O‘FA

O‘FA Etika qo‘mitasi Qosimovni bir qator futbol uchrashuvlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan deb topdi. Qo‘mita qaroriga ko‘ra, Sherzod Qosimov O‘FA intizom kodeksining 5.44 bandiga asosan uch yil muddatga futbolga oid har qanday faoliyatdan chetlatildi. Bu qaror O‘FA tomonidan e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirishi belgilandi.

Qayd etish lozim, “Daryo” sentabr oyida Qosimov Superliganing 4 o‘yinidan chetlatilgani, biroq bu haqda rasmiy bayonot berilmagani haqida yozgandi. Keyinchalik FIFA hakami bu xabarni mutlaqo yolg‘on deb atagandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘FA Etika qo‘mitasi 2020-yilning noyabr oyida yuqoridagi bandga ko‘ra, bir qator hakamlarga jazo choralarini qo‘llagandi. Xususan, FIFA, OFK hakami Jasur Muxtorov 5 yilga, O‘FA hakami Temur To‘xtasinov bir yilga va O‘FA hakami Asker Najafaliyev esa 2020-yilgi mavsum oxirigacha futbolga oid faoliyatdan chetlatilgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!