Bundan 5 yil oldin Zinedin Zidan “Real” boshqaruvini qabul qilib olgandi: 2016-yilning 4-yanvarida fransuz “qirollik klubi” murabbiylar shtabida Rafael Benitesning o‘rnini egallagan.

  • Zizu ushbu lavozimni bir necha oyga tark etganiga qaramay, “Real” tarixidagi so‘nggi besh yil hech shubhasiz “Zidan davri” hisoblanadi.
  • “Real” so‘nggi 12 sovrinidan 11 tasini aynan Zinedin Zidan boshchiligida qo‘lga kiritgan.
  • Zidan “Real”ni 236 o‘yinda boshqargan (157 g‘alaba, 46 durang, 33 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati: 558:245). Ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Zinedin afsonaviy Visente del Boskeni ortda qoldirgan (u “Real”ni 233 uchrashuvda maydonga boshlab tushgan) va klub tarixida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Undan oldinda faqat 595 uchrashuvda madridliklarga ustozlik qilgan Migel Munyos bormoqda.
  • “Qaymoqranglilar” Zidan boshchiligidagi o‘yinlarning 67 foizida g‘alaba qozongan.
  • Zizu “Real”ni olib chiqqan barcha 9 finalida g‘alabaga erishgan.

Quyida Zidanning “Real”da ushbu besh yilda erishgan asosiy yutuqlariga to‘xtalib o‘tiladi.

Foto: Twitter

Klub tarixidagi rekord transfer xarajatlari – 350+ million yevro sarflangan

2019-yilning yozda “qirollik klubi” transfer bozorida qirollarga xos tarzda pul sarfladi, garchi ko‘p sonli qimmat transferlar o‘zini oqlamagan bo‘lsa ham. Bu, ayniqsa, jarohatlarga moyil Eden Azarga (taxminlarga ko‘ra,115 —160 million yevro) va “Ayntraxt”ga qaytarib yuborilgan Luka Yovichga (63 million yevro) taalluqlidir. Shuningdek, Eder Militao ham Ramos va Varan darajasidan ancha yiroq, shuning uchun hozircha faqatgina Ferlan Mendi asosiy tarkibdan o‘rin olib kelmoqda. Yosh Rodrigo ham hali umid qilish darajasida, aks holda “Real” shuncha pul evaziga ancha kuchayib ketishi mumkin edi, ammo bunday bo‘lmadi va Zidan hamon transferdagi muvaffaqiyatsizlikni sinalgan va tajribali futbolchilar yordamida qoplab kelishga majbur bo‘lmoqda.

Zidanning ketishi va qaytishi

Foto: Twitter

“Real”dagi “Zidan davri” teng bo‘lmagan ikki qismga bo‘lingan: jamoani 2016-yil boshida boshqargan fransuz 2017/18-yilgi mavsum oxirigacha bosh murabbiy bo‘lib ishladi va shundan so‘ng u o‘z lavozimini haqiqiy g‘olib sifatida tark etdi. “Qirollik klubi” Zizu boshqaruvidagi dastlabki uch mavsumning har birida Chempionlar Ligasida g‘olib chiqdi — ajoyib natija.

Zidan o‘zini jamoani yana-da kuchliroq qila oladigan odam sifatida ko‘rmayotganini aytdi, ammo aslida ketishga Florentino Peres bilan transfer siyosati borasidagi qarashlari qarama-qarshi kelib qolgandi: prezident Krishtianu Ronalduni sotib yuborishni talab qildi va Garet Beylni asosiy yulduzga aylantirmoqchi bo‘ladi. Zidan esa aksincha uelslik futbolchiga ishonmaydi va Ronaldu hali so‘nggi so‘zini aytmaganini ta’kidlaydi.

Vaqt hammasini ko‘rsatib berdi, ammo Florentino Peres xato qilganini tan olishga va kechirim so‘rashga o‘zida kuch topa oldi. U Zidanni murabbiylik kursisiga qaytishga ko‘ndirdi va unga chinakam qirollik vakolatlarini berdi. 2018/19-yilgi mavsum “Real” uchun omadsiz kechdi, chunki avval Lopetegi, keyin Solari boshqaruvida jamoa o‘z o‘yinini yo‘qotib bo‘lgandi, ammo Zidanning 9 oydan so‘ng o‘z vazifasiga qaytishi klubga yangi umidlar bag‘ishlagandi.

Krishtianu Ronaldu bilan xayrlashish

Foto: Google Images

“Real”ning so‘nggi besh yilligidagi eng muhim va Zidan bevosita bog‘liq bo‘lmagan yagona voqea — Krishtianu Ronalduning sotib yuborilishi bo‘lgan. Aslida Zidan portugaliyalikni sotishga qarshi bo‘lgan va aynan Florentino Peresning Ronaldu bilan xayrlashish qarori fransuzning 2017/18-yilgi mavsum yakunida jamoadan ketishida muhim rol o‘ynagan.

Ronaldu “Santyago Bernabeu”da 9 mavsum o‘tkazdi, 438 uchrashuv, 450 gol. Krishtianu “Real” tarixidagi eng sermahsul futbolchi bo‘lib, u bilan to‘rt marta Chempionlar Ligasini yutgan va Madridda bo‘lgan vaqtida xuddi shuncha “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan.

2018-yilning yozida Ronaldu “Yuventus”ga o‘tdi, Turin klubi portugaliyalik uchun 117 million yevro to‘ladi va to‘rt yillik shartnoma imzoladi. Italiyada o‘tgan ikki yarim mavsumda Ronaldu “Yuventus” safida 104 uchrashuv o‘tkazdi va 83 ta gol urdi.

Yarim himoya markazida Kazemiro, Kroos va Modrichdan iborat afsonaviy trioning yaratilishi

Foto: Twitter

Hozir yarim himoyada “Real”ni ushbu uchliksiz tasavvur qilish imkonsiz, chunki Kazemiro, Kroos va Modrich madridliklarning yangi g‘alabalariga katta hissa qo‘shgan. Ushbu trio Zinedin Zidan qo‘l ostida “qaymoqranglilar” yarim himoyasida shakllanib, katta kuchga ega bo‘ldi. Garchi birinchi marta Rafael Benites qo‘l ostida braziliyalik, germaniyalik va xorvatiyaliklar birga o‘ynagan bo‘lsa ham, bu rotatsiyani yaxshi ko‘radigan ispaniyalik murabbiyning tajribalaridan biri edi, xolos.

Zidan kelishi bilan 4-3-3 sxemasini tanladi, ammo dastlab u Kroosni tayanch zonasiga qo‘yib, Modrich va Iskoni oldinroqda o‘ynatardi. Ijodkorlik darajasi shunchaki a’lo darajada edi, har bir yarim himoyachi mohirona uzatma bera olardi, ammo qarshi hujumlar “Real”ning nozik nuqtasiga aylandi, maydon markazida muvozanat yetishmasdi. Zidan boshchiligida birinchi marta Kazemiro, Kroos va Modrich Chempionlar Ligasidan o‘rin olgan “Roma”ga qarshi o‘yinda (2:0) birga o‘ynadi. Keyinchalik muhim uchrashuvlarda Zizu faqat ushbu futbolchilarga ishonishni ma’qul ko‘ra boshladi va bu hamon davom etmoqda.

Chempionlar Ligasidagi ketma-ket 3 ta g‘alaba

Foto: Google Photos

Barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha shunchaki ajoyib yutuq. Chempionlar Ligasi tashkil etilgandan buyon ushbu turnirda hech bir klub g‘oliblikni himoya qilolmagan. Zidan va “Real” Chempionlar Ligasida ketma-ket uch mavsum g‘alaba qozondi, fransuz murabbiylik faoliyatini to‘liq boshlaganidan atigi besh oy o‘tiboq birinchi sovrinini qo‘lga kiritgandi.

Chempionlar Ligasi bosh sovrini yo‘lida “Real” “Yuventus”, “Bavariya”, PSJ, “Liverpul” va boshqa bir qator ingliz grandlarini mag‘lubiyatga uchratdi. Aqlbovar qilmas hikoya, buyuk futbolchi murabbiylikda ham buyuk ishlarni amalga oshirdi. Yana qachon shunga o‘xshash voqea yuz berar ekan?