O‘tgan 6 oy mobaynida har qanday sohada kutilmagan inqirozlar yuzaga keldi. Dunyodagi mavjud vaziyat tufayli ko‘plab loyihalar to‘xtatildi. Shuningdek, kino olamida ham filmlarning so‘nggi bosqichida prodyuserlar platformalarda ularni sotishiga to‘g‘ri keldi. Lekin shunda ham o‘z mahsulotlarini kinoteatrlarda taqdim etishga tayyor bo‘lganlar bor. Bu borada Bollivud ham izlanishda davom etmoqda. Rejissorlar filmlarning 2021-yilda namoyish etilishi yana tomoshabinlarni kinoteatrlarga qaytarishiga umid bog‘lamoqda.

“Soat 12:00”

Foto: YouTube

“Soat 12:00” filmi taqdimoti 2021-yil 8-yanvar kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Filmda Mitxun Chakraborti, Divya Jagdeyl, Ashish Vidyarti, Dalip Taxil, Flora Shayni va Krishna Gautamlar ishtirok etgan. Rejissor Ram Gopalning dahshatli filmi dastlab “Geher” deb nomlangan va keyinchalik “Soat 12:00” ga o‘zgartirilgan.

“Sardar Udxam Singx”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Ushbu film taqdimoti 2021-yil 15-yanvar kuniga mo‘ljallangan bo‘lib, rollarda Viki Kaushal va Banita Sandxularni ko‘rish mumkin. Ozodlik uchun kurashuvchi Udxam Singx haqidagi ushbu kartinani rejissor Shujit Sarkar 2019-yil 4-martda rasman e’lon qilgan va uni o‘zining orzu qilgan loyihasi deb atagan edi.

“Bachchan Pandey”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Mazkur film 2021-yil 22-yanvarda namoyish etilishi kutilmoqda. Unda mashhur aktyorlardan Akshay Kumar, Kriti Senono va Jaklin Fernandesni ko‘rish mumkin. Film aslida 2020-yil 25-dekabrda namoyish etilishi kerak bo‘lgan, ammo ma’lum sabablarga ko‘ra qoldirilgan. Shuningdek, dunyo bo‘ylab yuz berayotgan vaziyat tufayli hech bir film o‘z vaqtida namoyish etilmadi.

“Suryavanshi”

Foto: Pinterest

Premyerasi kutilayotgan navbatdagi film 2021-yilning 26-yanvarida namoyish etiladi. Filmni suratga olish ishlari 2019-yil may oyida boshlangan va shu yilning noyabr oyida tugagan. Taqdimot esa 2020-yilning 24-mart kuni bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo kinoteatrlarning ommaviy tarzda yopilishi tufayli qoldirildi. Rejissor filmni raqamli platformada sotishni maqsadga muvofiq deb bilmadi va hamon uni kinoteatrda taqdim etilishiga umid bog‘lamoqda.

“Barakalla, Mitxu!”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Hindiston kriket terma jamoasi sardori – Mitali Raj haqidagi biografik film. “Men sababli ushbu film dunyoga kelganidan xursandman. Unda ushbu qiyin sport turidagi ayollarning kurashi haqida hikoya qilinadi. Ayniqsa, bu o‘tgan asrning 90-yillarida juda qiyin bo‘lgan. Hozir zamon o‘zgardi. Ko‘pgina yosh qizlarda ham sport bilan shug‘ullanish imkoni va istagi bor”, − deydi Mitali. Film namoyishi 2021-yilning 5-fevraliga rejalashtirilgan.

“Banti va Babli-2”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Voqealar rivoji “Banti va Babli” (2005) filmining davomi sifatida rivojlanadi. Ijodkorlar filmni raqamli platformada chiqarish g‘oyasini rad etdi va karantin cheklovlari yumshatilishini kutmoqda.

“83”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Mazkur film 2021-yilning mart oyida namoyish etilishi kutilmoqda. Rollarda Ranvir Singx, Dipika Padukone, Taxir Raj Bxasin, Sakib Salim kabi aktyorlar ishtirok etgan. Filmda Hindiston kriket terma jamoasi sardori Kapil Devanning hayoti va uning jamoasining 1983-yilgi Jahon chempionatidagi afsonaviy g‘alabasi aks etgan. 2020-yilning 10-apreliga namoyishi rejalashtirilgan film keyinchalik noyabr oyiga qoldirilgan edi. Endilikda filmni bahordan tomosha qilish mumkin.

“Bell Bottom”

Foto: Pinterest

Ushbu loyiha o‘tgan asrning 80-yillarida yuz bergan voqealar asosida suratga olingan. Suratga olish ishlari 2020-yilning 30-sentabrida yakunlangan bo‘lib, uning namoyishi 2021-yilning 2-aprelida namoyish etilishi kerak.

“Haqiqat hamisha g‘olib chiqadi-2”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Muvaffaqiyat qozongan “Haqiqat hamisha g‘olib chiqadi” filmining davomi 2021-yil 12-mayda kinoteatrlarda namoyish etilishi kutilmoqda. Filmda Jon Abraxam va Divya Xosla Kumar ishtirok etgan. Kartina adolatsizlik hamda mansabni suiiste’mol qilish haqida hikoya qiladi. Filmni suratga olish ishlari hozircha yakunlanmagan.

“14 Pere”

Foto: Pinterest

Rejissor film haqida shunday deydi: “‘14 Pere’ oilaviy film bo‘lib, juda ko‘p qiziqarli voqea va sarguzashtlarni o‘z ichiga olgan. Shuningdek, kutilmagan hodisalarga boy. Aktyorlar bilan ishlash juda ajoyib bo‘ldi”. kartina taqdimoti 2021-yilning 9-iyul kuniga rejalashtirilgan.

“Sevish huquqi-2”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

2021-yilning 16-iyulida taqdim etilishi kutilayotgan filmda Tayger Shroff, Kriti Senon, Rakesh Krushna Joshi ishtirok etgan.

“Maidaan”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Aktyorlardan Ajay Devgan, Priyamani va Gajraj Rao ishtirok etgan “Maidaan” filmi 2021-yilning 15-oktabrida namoyish etilishi rejalashtirilmoqda. Film hind futbolining 1952-1962 yillardagi oltin davri haqida hikoya qiladi. U hind, tamil, telugu va malayalam tillarida namoyish etiladi. Film namoyishi aslida 2020-yil 11-dekabriga rejalashtirilgan edi, ammo pandemiya sababli uning taqdimoti 1 yilga kechikdi.

“Rakshabandxan”

Foto: Social News

Filmda bosh rolni ijro etgan aktyor Akshay ushbu kartina haqida singlisi Alkaga shunday deydi: “Inson qalbiga shu qadar tez va chuqur ta’sir qiladigan voqea. Bu mening karyeramdagi eng tez imzolagan film shartnomasi hisoblanadi. Mazkur kartina aka va singil o‘rtasidagi rishta haqida hikoya qiladi”. Film namoyishi 2021-yil 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

“Lal Singx Chaddxa”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

“Forrest Gamp” filmining remeyki sifatida ushbu film  Hindistonning 100 dan ortiq joylarida suratga olingan. Asosiy suratga olish maydonchasi Chandigarxda bo‘lib, pandemiya sababli u ham to‘xtatilgan edi. 2020-yilning sentabr oyidan esa Dexlida qayta tiklandi. Endi tomoshabinlar mazkur filmni yana bir yil kutishiga to‘g‘ri keladi.

“Jersi”

Foto: “Bollywoodtime.ru”

Mazkur filmda bosh qahramonni Shaxid Kapur ijro etadi va uning namoyishi 2021-yil bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Kartinani suratga olish ishlari 2020-yilning dekabr oyida yakunlangan bo‘lib, hozirda uning ustida montaj ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Bollivudda filmlar suratga olish jarayoni bir zumga ham to‘xtagani yo‘q. Shuningdek, 2021-yil uchun yana bir qancha filmlar premyerasi rejalashtirilmoqda, ammo aniq sanasi hozircha ma’lum emas.