Futbolda shunday darvozabonlar borki, aynan ular sabab “darvozabon yarim jamoa” degan ibora paydo bo‘lgan. Aynan mana shu nomga munosiblardan biri, shubhasiz Janluiji Buffondir. Biroq hozir uning uzoq va shonli faoliyati haqida emas, balki bugungi hayotida haqida hikoya qilamiz.
Buffon qayerda yashaydi?
Afsonaviy darvozabonning uyi Turin atrofida joylashgan bo‘lib, ushbu uyda Buffon oilasi (rafiqasi, farzandlari va ota-onasi) bilan birga yashaydi.
Mashinalari
Buffon aksariyat futbolchilar singari qimmatbaho superkarlarga mukkasidan ketmagan. U uchun birinchi o‘rinda qulaylik va hajm turadi. Uning birinchi avtomobili Audi Q7 (Jiji uni 47 ming yevroga sotib olgan) bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu modelni tanlashiga oilasining (3 nafar farzandi va rafiqasi bor) kattaligi sabab bo‘lgan.
Shuningdek, Buffon o‘zining 10 ming yevrolik Lancia Ypsilon’iga ham alohida mehr qo‘ygan.
Shaxsiy xayoti
Buffon nafaqat futbol, balki shaxsiy hayotda ancha barqaror inson hisoblanadi. Boisi uning hayotida o‘z darajasidagi futbolchilardan farqli o‘laroq atigi ikki ayol bo‘lgan. U ilk marta 2006-yilda chexiyalik model Alyona Sheredova bilan turmush quradi.
Birga o‘tkazilgan sakkiz yillik hayot va ikki nafar o‘g‘il farzandga qaramay, juftlik 2014-yilda o‘z munosabatlariga chek qo‘yishga qaror qiladi.
Shundan so‘ng Jiji italiyalik teleboshlovchi Ilariya Domikoga uylanadi va 3-marta ota bo‘ladi.
Do‘stlari
Janluijini ochiq va xushchaqchaq inson deb atash biroz mushkul, lekin shunga qaramay, uning bir nechta do‘stlari bor. Buffon “Yuventus”da Blez Matyuidi bilan iliq munosabatlarga ega bo‘lgan. Buffon aynan Matyuidi PSJga o‘tishni maslahat berganini aytgandi.
Shuningdek, u PSJda o‘ynagan kezlari Kilian Mbappega ham ustoz ham do‘st bo‘lgan. O‘sha paytlari ularni tez-tez maydon va uning tashqarisida birga ko‘rish mumkin edi.
Bundan tashqari, Buffon “Milan” va Ukraina terma jamoasi afsonasi Andrey Shevchenko bilan ham do‘stlik aloqalariga ega.
Futboldan tashqari qizishlar
Buffon yaxshi darvozabon bo‘lishdan tashqari, muvaffaqiyatli tadbirkor hamdir. U o‘z shaxsiy restorani va sayyohlik agentligiga asos solgan. Shuningdek, u nufuzi jihatidan Italiyaning 3-divizionida harakat qiladigan “Karrareze” futbol klubiga ham egalik qiladi. Bundan tashqari uning ijaraga beriladigan ko‘plab kvartira va villari borligi aytiladi.
Shu bilan birga Buffon xayriya ishlarini ham unutmaydi. U muntazam ravishda giyohvandlikdan aziyat chekadigan insonlarga davolanish uchun mablag‘ ajratib keladi. Biroq u bu haqida gapirishni yoqtirmaydi va hammasini amalda qilishga harakat qiladi.
Daromadi
Buffonning “Yuventus”dagi yillik maoshi 1,5 million yevroga teng. Faqat jamoaning to‘rtinchi darvozaboni undan kam maosh oladi. Taqqoslash uchun Krishtianu Ronalduning (jamoadagi eng ko‘p maosh oladigan futbolchi) bir yillik ish haqi 31 million yevroni tashkil qiladi. Bu yerda Buffonning maqsadi katta olish emas, balki faoliyatining so‘nggida Chempionlar Ligasini qo‘lga kiritish va Ronaldu bilan bir jamoa safida to‘p surish ekanini tushunish mumkin. Buning ustiga yuqoridagi bizneslar bor ekan bunga hojat ham qolmaydi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!