Aviahalokatda halok bo‘lgan Eron prezidenti Ibrohim Raisiyning dafn marosimi 23-may kuni Eronning Mashhad shahrida o‘tkaziladi. Bu haqda mamlakat vitse-prezidenti Muhsin Mansuriy bayonotiga asoslanib, “TASS” nashri xabar berdi.
Eronning shimoli-sharqidagi Mashhad shahrida dafn marosimiga tayyorgarlik boshlangan. Marosimda ko‘p sonli olomon to‘planishi inobatga olinib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
“Oyatulloh Raisiy dafn marosimi payshanba kuni kechqurun Imom Rizo maqbarasida bo‘lib o‘tadi”, — deyilgan IRIB telekanali orqali eʼlon qilingan xabarda.
Mashhad marhum Eron prezidentining ona shahri bo‘lib, mamlakat shialarining ziyorat markazlaridan biri hisoblanadi. Ushbu shaharda barcha rasmiy marosimlarini bekam-u ko‘st bajarish uchun dafn marosimini tashkil etish qo‘mitasi tashkil etilgani xabar qilingan.
Hozirda Eronning ko‘plab shaharlarida shahidlar bilan vidolashuv tadbirlari o‘tkazilayotgani bildirilgan. Ibrohim Raisiy jasadi Tehron bosh masjidiga olib ketilgan. U bilan hamroh bo‘lib halok bo‘lgan oliy davlat amaldorlari jasadlari esa Tehrondan uncha uzoq bo‘lmagan Qum shahridagi masjidga yuborilgani bildirilgan.
- Maʼlumot o‘rnida, 19-may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida ichida Eron prezidenti bo‘lgan vertolyot halokatga uchradi.
- Vertolyot bortida tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Oyatulloh al-Hoshim va Tabriz imomi Muhammad Ali al-Hoshim ham bo‘lgan.
- Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaji halok bo‘lgan.
- Halokat sabablarini o‘rganish uchun komissiya tuzilgan. Birinchi vitse-prezident Muhammad Moxber Eron prezidenti vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.
- Muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28-iyunga belgilangan.
Izoh (0)