Makroiqtisodiy barqarorlik iqtisodiy islohotlarning mustahkam poydevoridir. Shuning uchun kelgusi yilda inflyatsiyaviy targetlash doirasida, narx-navo o‘sishini 10 foizdan oshirmaslik Markaziy bank va Hukumatning asosiy vazifasi bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

“Bu borada global pandemiya oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Shuning uchun asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida import sohasidagi boj to‘lovlari bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana bir yilga uzaytiriladi”, — dedi Prezident.

“Umuman, xalqimiz xotirjam bo‘lishi kerak: sifatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, bu borada kafolatlangan zaxirani yaratish va ularni bozorga uzluksiz yetkazib berish hamda narx-navo barqarorligini ta’minlash ishlariga ustuvor darajada e’tibor qaratiladi. Buning uchun Hukumat va hokimliklar tomonidan barcha choralar ko‘riladi hamda bu masala Prezidentning doimiy nazoratida bo‘ladi”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev 2021-yilda iqtisodiyotning kamida 5 foizga o‘sishini, byudjet defitsiti YaIMga nisbatan 5,4 foizdan oshmasligini ta’minlash, kelgusi ikki yilda esa byudjet defitsitini 2 foizdan oshirmaslik bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni belgilash lozimligini aytib o‘tdi.