O‘zbekistonda 2020-yilning 10 oyi yakunlariga ko‘ra ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning bir qator asosiy ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etdi, deb yozmoqda Spot Markaziy bank xabariga tayanib.
Yillik sanoat ishlab chiqarish hajmining pasayishi 1,6 foizni tashkil etdi (yanvar—sentabr oylaridagi pasayish 2,7 foiz bo‘lgan), chakana savdo aylanmasining ijobiy o‘sish ko‘rsatkichlari 1,2 foiz darajasigacha tiklandi. Xizmat ko‘rsatish va qurilish sohalarida bajarilgan ishlar hajmi o‘sishi mos ravishda 2,2 foiz va 9,1 foiz darajasida bo‘ldi.
“Tahlillarga ko‘ra, qisqa muddatli davrda iqtisodiy o‘sish o‘z potensial darajasidan past bo‘lishi kutilmoqda. Bu talab hamda taklifning bosqichma-bosqich tiklanib borishi, shuningdek, ayrim iqtisodiyot tarmoqlarining to‘liq tiklanishi uchun uzoqroq muddat talab etilishi bilan izohlanadi”, — deb qayd etilgan xabarda.
Iqtisodiy faollikning operativ ko‘rsatkichlari bosqichma-bosqich tiklanish tendensiyasini namoyon etmoqda. Bank to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy soni oktabr oyida o‘tgan oyga nisbatan 7,3 foizga, noyabr oyida esa 1,1 foizga oshdi.
Noyabr oyida savdo va pullik xizmatlar sohasida bank kassalariga pul tushumlari hajmi 14,3 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu oktabrdagi ko‘rsatkichdan 1,4 foizga kam, 2019-yilning mos davriga nisbatan solishtirganda esa 11,8 foizga ko‘p.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 2020-yil yakuni bo‘yicha YaIMning real o‘sishi 1—1,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq Markaziy bank karantindan keyin O‘zbekiston iqtisodiyotining tiklanishiga qancha vaqt ketishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Izoh (0)