O‘zbekistonda noyabr oyida iste’mol narxlari va tariflarining o‘rtacha oylik darajasi 1,5 foizga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasining hisobotida keltirilgan. Yanvar—noyabr oylarida iste’mol bozoridagi narxlar va tariflar o‘rtacha 9,5 foizga oshgan.

Foto: “Daryo”

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari o‘rtacha 2,4 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,9 foizga, xizmatlar esa 0,9 foizga qimmatlashgan.

Umumiy hisobda 2020-yilning dastlabki 11 oyi davomida iste’mol tovarlari narxi 12,6 foizga, nooziq-ovqat mahsulotlari 7,8 foizga, xizmatlar 6,1 foizga qimmatlashgan.

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng asosiy o‘sish meva va sabzavot mahsulotlari orasida qayd etilgan (7,8 foiz). Yog‘-moy mahsulotlari 3,3 foizga, go‘sht, parranda go‘shti va baliq 1,5 foizga, shakar, choy va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari 1,5 foizga, sut mahsulotlari 1,2 foziga qimmatlashgan.

Umumiy ovqatlanish sohasidagi narxlar esa noyabr oyida 3,1 foizga, alkogol mahsulotlari 1,1 foizga, alkogolsiz ichimliklar esa 0,3 foizga ko‘tarilgan.

Noyabr oyida nooziq-ovqat mahsulotlari orasida narxlarning ko‘tarilishi bo‘yicha yetakchilik oldingi ikki oylardagi kabi avtomobil yoqilg‘isiga tegishli — o‘rtacha 1,6 foizga qimmatlashgan.

Yil hisobi bo‘yicha narxlari ko‘tarilgan nooziq-ovqat mahsulotlari qatorida yetakchilik kitoblar, gazetalar, jurnallar (14,5 foiz), dori vositalari (13,4 foiz), qurilish materiallari (11,4 foiz) va tamaki mahsulotlarida (10,8 foiz) kuzatilgan.

Noyabr oyida tariflarning o‘sishidagi yetakchilik maishiy xizmatlar va tibbiy xizmatlarda qayd etilgan — oy davomida 1,6 foizga qimmatlashgan. Yil hisobida eng yuqori o‘sish davlat bog‘chalarida (15,2 foiz), maishiy xizmatlarda (12,5 foiz) va yo‘lovchi transporti xizmatlarida (10,9 foiz) qayd etilgan.

Avvalroq Markaziy bank O‘zbekistonda kelgusi oylarda narxlarda qanday o‘zgarishlar kuzatilayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishgandi.