Farg‘ona viloyatida “Agrobank”ning tuman filiali boshqaruvchisi bir milliard so‘m kredit mablag‘ini talon-toroj qilgan. Bu haqda viloyat prokurori Ulug‘bek Qosimov viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.

Ulug‘bek Qosimov.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, 30-noyabr kuni Farg‘ona viloyati hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat prokurori davlat mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq jinoyatlarga to‘xtalib o‘tgan.

Ta’kidlanishicha, “Agrobank”ning Buvayda filiali boshqaruvchisi O.X. juda ko‘p miqdordagi imtiyozli kredit mablag‘larini talon-toroj qilgani uchun ikki marotaba sudlanib, bank tizimidan bo‘shatilgan sobiq rahbar X.M. bilan jinoiy til biriktirib, bolalar oyoq kiyimi ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish bahonasida uch yil muddatga bir milliard so‘m miqdorda kredit olgan. Bankning sobiq boshqaruvchilari olingan kredit mablag‘ini belgilangan maqsadda sarflamasdan, o‘z xarajatiga sarflab yuborgan.

Viloyat prokurorining aytishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.