Xitoyning Sian shahrida 6 oylik kuchuk mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘lgan akasining qabrini qazib, uni uyg‘otishga urindi, deb xabar beradi Daily Mail.

Foto: Daily Mail

Iyul oyida Sian shahrida istiqomat qiluvchi Tun familiyali erkak Argentina zotidan bo‘lgan ikkita kuchukni boqib olgan. Itlar aka-uka bo‘lgan va har kuni birga o‘ynashgan.

23-noyabr kuni kechasi Tun kirish eshigini yopishni unutgan va kuchuklardan biri ko‘chaga chiqib ketgan. Ertasi kuni esa Tunga yaqin atrofda ishlaydigan qo‘riqchilardan biri qo‘ng‘iroq qilib, kechasi uning kuchugini mashina urib yuborganini ma’lum qilgan. “Qo‘riqchi itimning jasadini olib keldi va men o‘ra qazib, uni ko‘mdim. Tirik qolgan kuchuk esa qabrga otilib, uni kovlay boshladi. Bundan juda ta’sirlandim”, — deydi xitoylik. U sodir bo‘lgan voqeani videoga olgan.

Kuchuk egasining ma’lum qilishicha, u akasi o‘lganini tushungan va depressiyaga tushib qolgan, kamroq o‘ynay boshlagan.

Ushbu video Weibo ijtimoiy tarmog‘i foydanuvchilari tomonidan yomon qabul qilingan. Ularning aksariyati yirik va jahldor itlarni mahalliy qonunchilikka bo‘ysunmasdan saqlagani, ularni bo‘yinbog‘siz sayr qilishiga qo‘yib bergani uchun Tunni tanqid qilgan.

Ma’lumot uchun, 2019-yilda Sian shahri hukumati mahalliy aholiga agressiv hisoblanuvchi 33 turdagi itlarni, jumladan, Argentina doglarini ham boqishni taqiqlab qo‘ygan.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning avgust oyida internetda Hindistonning Kendujhar shahrida maymun halok bo‘lgan bolasini bag‘riga bosganicha bir necha kundan buyon tentirab yurgani tasvirlangan video tarqalgan edi.