O‘zbekiston shu vaqtgacha liftni chetdan import qilgan, endi mamlakatning o‘zida ham shu soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning vaqti keldi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi “Texnopark”ga tashrif buyurgan vaqtida aytib o‘tgan.
10 yil oldin bu yerda faoliyat yuritgan Toshkent aviatsiya zavodida 3 ming odam ishlagan, uning yalpi ishlab chiqarish miqdori 82 milliard so‘mni tashkil etgan. Hozir esa bu yerda 2020-yil yakuniga qadar 6 mingga yaqin ishchi kuchini jalb qilish, yalpi ishlab chiqarish miqdorini esa kamida 500 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Kelgusi yil bu miqdor 700-800 million dollarga teng bo‘lishi rejalashtirilyapti. “Bir yil oldin bu hudud bo‘m-bo‘sh, hech kim ishlamaydigan qarovsiz joy edi”, – deya Prezidentning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda “O‘zbekiston 24” telekanali.
Shavkat Mirziyoyev umumiy qiymati 12,2 million dollarga teng bo‘lgan eskalator va lift ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishgan. Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, hozirda lift korxonasida mahsulotlarning lokalizatsiya darajasi 32 foizni tashkil etmoqda.
“Yurtimizda zamonaviy liftlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash kerak. Sababi bu soha vakillariga ehtiyoj katta. Hozirda yurtimizdagi to‘qqiz qavatli uylarning 10 tasidan sakkiztasida lift muammosi bor. Odamlar bundan norozi. Dunyoda intellekt rivojlanayotgan bir paytda aholida ham liftdan foydalanish madaniyatini rivojlantirishimiz lozim. Shu paytgacha liftni chetdan import qildik, buyog‘iga o‘zimizda shu soha bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashning vaqti keldi, poytaxtdagi kollejlarning birini shu sohaga yo‘naltirish, texnopark bilan hamkorlikda ish olib borishini yo‘lga qo‘yish albatta ijobiy samara beradi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident korxona hududida joylashgan, kelgusida lift va eskalatorlar sinovdan o‘tkazishga mo‘ljallangan, balandligi 60 metrga teng minorani ham ko‘zdan kechirgan.
Izoh (0)