Yuk avtomobillari uchun Toshkent shahriga kirib-chiqishda cheklovlar o‘rnatilishi mumkin. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Deputatning yozishicha, Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga Toshkent shahar IIB YHXB tomonidan yo‘llarda tirbandlikning oldini olish maqsadida ertalab soat 07:00—10:00 va kechki 17:00—20:00 vaqtlar oralig‘ida Toshkent shahriga og‘ir yuk tashuvchi transport vositalarining kirib chiqishini cheklash haqida qaror qabul qilish taklifi kiritilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu masala tez kunlarda Toshkent shahar kengashi deputatlari tomonidan ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
“Agar deputatlar bu qarorni qabul qilishsa Toshkentda tirbandliklar biroz bo‘lsa ham kamayadi, deb umid qilamiz”, — deb yozadi Kusherbayev.
Avvalroq Toshkentdagi 24 ta yirik chorrahaning harakatlanish tartibini optimallashtirish orqali tirbandlikni 64 foiz kamaytirish rejalashtirilayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil 18-noyabr kuni yog‘gan qor natijasida Toshkent shahrining mashinalar oqimi katta bo‘lgan ko‘chalarida tirbandliklar yuzaga keldi. Tushdan keyin boshlangan va “Yandeks.Tirbandliklar” ilovasi 10 balli deb baholagan noqulayliklar kechki tig‘iz payt vaqtida ham kuzatilgandi.
Izoh (0)