Sirdaryo viloyati Shirin shahrida avtomobil haydovchisining aybi bilan butun shahar 6 soatga gaz ta’minotidan uzilib qoldi, deb xabar beradi shahar hokimligi axborot xizmati.

Foto: Shirin shahar hokimligi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 23-noyabr kuni taxminan soat 03:00 lar atrofida Shirin shahar “Amir Temur” mahallasi Ibn Sino ko‘chasidan o‘tuvchi o‘rta bosimli gaz tarmog‘ida avariya holati yuzaga kelgan.

Shaxsi ochiqlanmagan haydovchining boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtotransport vositasi gaz quvuriga borib urilgan va gaz ta’minoti butun shahar bo‘ylab soat 03:00 dan 09:00 gacha uzib qo‘yilgan.

Foto: Shirin shahar hokimligi

Ta’kidlanishicha, avariya oqibatlari shu kunning o‘zida “Shirinshahargaz” gaz ta’minoti korxonasi xodimlarining sa’y-harakatlari bilan bartaraf etilgan.

Foto: Shirin shahar hokimligi

Avvalroq Sirdaryoda Lacetti yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborishi oqibatida jabrlanuvchi voqea joyida halok bo‘lgani, shuningdek, Sirdaryo tumanida haydovchining telefonini olib qo‘ygan YPX xodimi lavozimidan ozod etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.