Livan poytaxti Bayrut shahridagi portda 2020-yilning 4-avgust kuni ammiak selitrasi saqlanayotgan ombor portlagandi. Portlash kuchi shu darajada bo‘ldiki, uning oqibatida butun shahardagi binolar zarar ko‘rdi, 190 kishi halok bo‘ldi, 300 mingdan ortiq odam uysiz qoldi.

Mamlakat rasmiylari portlash oqibatida yuzaga kelgan umumiy zararni 3-5 milliard dollarga baholadi. Hodisa sababli mamlakat hukumati iste’foga chiqdi.

Portlash lahzasi shaharning turli nuqtalaridan olingan videolarga tushdi. Buyuk Britaniyaning Forensic Architecture agentligi portlash xronologiyasi va vayronalar tasvirini qayta tikladi. Mazkur agentlik arxitektura va multimedia modellar yaratishga ixtisoslashgan bo‘lib, uning ishlaridan xalqaro tergov guruhlari, Amnesty international’ning huquq himoyachilari va BMTning maxsus ma’ruzachilari foydalanadi.