“Daryo” internet-nashri 2018-yilda “Muhojirlar hayoti” loyihasi doirasida Moskvadagi yirik kompaniyada ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik diplomsiz dasturchi Akmal Kadirov bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

Ayni kunlarda Toshkentda faoliyat yuritayotgan Akmal Kadirov “Daryo” muxbiri Feruz Muhammadga katta intervyu berdi.

U suhbat davomida dasturchilarning darajalari, dasturchilar qancha daromad topishi hamda Rossiyada ishlab yurganida ‘korobka’da yashaydigan o‘zbeklarni ko‘rganidan so‘ng bepul darsliklar qilishni boshlagani haqida gapirib berdi.

Podyezdda yashagan o‘zbekni eslasam yig‘lagim keladi

Eng qiyin davr ishxonada bo‘lmaydi, chunki ular siz xohlagan kompyuteringizni muhayyo qilishadi. Bir tomonda banan, bir tomonda kofe, pechenye turibdi, xohlagan narsangizni olib yeyishingiz mumkin. Ishxonada qiyinchilik bo‘lmagan.

Eng katta qiyinchilik ko‘chada bo‘lgan. Alam qilardi, juda ham alam qilardi. Biz buyuk davlatmiz, oltinlarimiz, boyliklarimiz bor. Alam qilardi. Ko‘chada yursangiz, o‘zimiznikilar ‘korobka’larda yotgan bo‘lardi.

Men Rossiyadan uy olganman, uy olish uchun juda ko‘p joylarni borib ko‘rganman. Bir voqea bo‘lgandi. Bu voqeani eslasam, yig‘lagim keladi. Podyezdga kiryapmiz, hidi bor. Podyezddan suv oqdimi deb o‘ylaysiz. Namlik bormi, nima uchun sasiydi desam, “Yo‘q, bitta o‘zbek yashaydi bu yerda, uysiz. Ko‘cha -27 gradus bo‘lib yotibdi. Ko‘chaga haydamaymiz-ku?” deydi. U bola ishlarkan-da, keyin podyezdda yotarkan. Cho‘milish yo‘q, sharoit yo‘q.

Shunday holatlarni ko‘rganda odam eziladi. Yordam berolmaysiz. Siz ham muhojirsiz, qo‘lingizdan nima  keladi? Sadaqa chiqarishingiz mumkin. O‘zingiz ham kvartirada turasiz. Ilojingiz yo‘q.

YouTube’da kanalim bor, bepul videodarslar qilaman. Nima uchun? Niyatim odamlar qora ishga ketmasin deyman. Migrantlar hozir juda ko‘p. Chetga odam o‘zi xohlab ketishi mumkin, masalan, men o‘zim ketganman. Lekin majburiy ketadigan odamlar ham bor. Oilasini boqishi kerak. Bu yerdan ish topolmadi deylik, o‘shalar ham uyda o‘tirib, kompyuter orqali ishlasin, o‘rgansin. Farzandlarining yonida bo‘ladi. Hozir bolalar ota-ona mehriga zor. Farzandini tashlab chet elga ketyapti.

Hindistonni qarang, u yerda ilgari eng zo‘r kasb shifokor bo‘lardi, hozirda esa dasturchi eng zo‘r kasb sifatida qaralyapti. Hamma joyda dasturchilar, soha u yerda juda shiddat bilan rivojlandi.

Nega biz shuni yo‘lga qo‘ya olmaymiz? Bizda odam resursi ko‘p. Dasturlash uchun juda katta aql kerakmas, o‘rganish kerak, qiziqish kerak. Balki, bu soha haqida bilmaydigan odamlar bordir. Shu suhbat orqali xabardor bo‘lishar.

Men xohlardimki, bir fond ochsak, ya’ni dasturchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha, O‘zbekistonni IT’ning gigant mamlakatiga aylantirish bo‘yicha. Niyatim Google’ga o‘xshagan IT gigant kompaniyalar yaratish emas, aksincha chekka-chekka qishloqlarni ham internet bilan ta’minlab berib, ularni IT’ga qiziqtirish va rivojlantirish. Menda bir vaqtlar shunday sharoitlar bo‘lmagan. Boshqalar ham shundan qiynalmasin deyman.

Foto: “Daryo”

Dasturchilar qancha maosh olishi haqida

Dasturchilarning qancha pul topishi, albatta, uning sohani qay darajada o‘rganganligiga bog‘liq. Har bir dasturchining darajasi har xil bo‘ladi, lekin ular o‘rtacha uchga bo‘linadi.

Junior darajasidagi dasturchi sohasini o‘rgangan, lekin tajribasi yo‘q, ishlamagan. Bu dasturchi oyiga 400 dollardan 600 dollargacha topishi mumkin.

Men doim maslahat beraman, ishga kirish kerak. Tajribani oshirish kerak. Ko‘pchilik o‘ylaydi, dasturchilar ko‘p topadi, men bu past oylikka bormayman deydi. Boshida pulga qiziqmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Ko‘pchilik o‘zi pulga qiziqib bu sohani tanlaydi, bu normal holat. Lekin boshida tajriba yo‘q, bilimingiz bor, bilimni esa qanday ishlatishni bilmaysiz. Uyda mustaqil holatda tajriba orttirish qiyin, ishxonada biror dasturchi yonida o‘tirib ishlab, uning ishlarini ko‘rib tajribangiz ortib boradi.

Mening bir shogirdim hozir Rossiyaga ketdi. Junior bosqichida edi u ham, Rossiyada 300 dollar maosh beradigan ishga joylashdi. Masalan, 3-4 oy ishlab, o‘ziga ishonchi ortgandan keyin oyligini ikki-uch barobargacha ko‘tartirishi mumkin.

Middle bosqichi, bu o‘rtacha degani. Bu ish boshlaganining birinchi yilidan toki 4-5 yilgacha shunday darajada bo‘ladi. Mazkur darajadagi dasturchilar o‘rtacha 2000 dollargacha oladi. Lekin hammasi odamning o‘ziga bog‘liq. Xususiy tashkilotlarda, albatta, dasturchi o‘zini qoniqtirgan maoshni so‘raydi.

Uchinchi daraja bu Senior dasturchi. Senior dasturchi juda katta maosh olishi mumkin. Bu bosqichdagi dasturchilar yaxshi tajribaga ega bo‘lishadi. Frilanser bo‘lib, uyda erkinlikda ishlashi ham mumkin. O‘rtacha 5000 dollar daromad qilishlari mumkin. Keyin Teamlead bosqichi ham bor, bu asosan ishchilarni boshqarish.

Men oldingi ishlagan ishxonamda Rossiyada Senior dasturchi edim. Keyin Teamlead bo‘ldim. Dasturchilarga qarardim. Asosan, loyihaning eng qiyin joylarini o‘zim qilardim, oson joylarini bolalarga bo‘lib berardim.

Akmal Kadirov suhbat davomida Rossiya bankini qanday buzgani, O‘zbekistonda muammoga aylangan sochi, internet tezligi tufayli vatanga qayta olmagani haqida ham gapirib bergan edi.