Yerdagi teleskoplar sayyora yuzasidan taxminan 350 kilometr uzoqlikdan uchib o‘tgan asteroidni payqab qoldi, deb yozadi Universe Today.

Foto: Universe Today

Asteroid 13-noyabr kuni uchib o‘tgan, biroq u haqida ertasi kuni ma’lum bo‘lgan — asteroidning ilk suratlari Yerga yaqinlashganidan 15 soat o‘tib olingan. Ta’kidlanishicha, postfaktum fiksatsiyasi — Quyosh tomonidan Yerga uchib keladigan tezkor obyektlar uchun bu odatiy hol.

Astronomlarning baholashicha, 2020VT4 asteroidining diametri 5—10 metrni tashkil etgan. Yerga yaqinlashish vaqtida u +3 yulduz kattaligidagi nuqta sifatida ko‘ringan.

Ma’lumot uchun, Xalqaro kosmik stansiyaning orbitasi balandligi 385 kilometrni tashkil etadi. 2013-yilda Chelyabinskka diametri 17 metrga teng asteroid tushgan edi. U Tunguss meteoritidan keyin Yer yuzasiga kelib urilgan eng katta osmon jismiga aylangan.

Eslatib o‘tamiz, olimlar 2019-yilda ham Yerning Apofis asteroidi bilan to‘qnashish xavfidan ogohlantirgandi. Ta’kidlanishicha, Apofis asteroidi 2044-yilda Yerga 16 million, 2051-yilda 760 ming, 2060-yilda 5 million kilometrga yaqinlashadi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, ulkan osmon jismi 48 yildan so‘ng sayyoraga kelib urilishi mumkin.