Koronavirusning eng noodatiy xususiyati shundaki, u boshqa bir qator viruslarning alohida xususiyatlarini o‘zida birlashtirdi. “RBK”ning xabar berishicha, bu haqda virusolog, Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi, biologiya fanlari doktori, Novosibirsk davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti biotexnologiya va virusologiya laboratoriyasining mudiri, professor Sergey Netesov aytdi.

Foto: Getty Images

“Eng noodatiysi, SARS-CoV-2’da ilgari boshqa bir qator viruslarda alohida-alohida uchragan xususiyatlar birlashdi”, — degan Netesov “Lenta.ru”ga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga xos bo‘lgan sitokin bo‘roni, ya’ni immun tizimi dizregulyatsiyasi Ebola virusida ham kuzatiladi.

COVID-19 oqibatida yuzaga keladigan tromb hosil bo‘lishi va qon quyuqlashishi, Ebola kasalligi, Kongo-Qrim gemmoragik isitmasi, denge isitmasi, shuningdek, buyrak yetishmovchiligi sindromli gemmoragik isitma kasalliklarida ham uchraydi.

Netesovning ta’kidlashicha, hid bilishning yo‘qolishi ham koronavirus infeksiyasining o‘ziga xos xususiyati emas. Uning aytishicha, kamida 20 ta boshqa viruslar ham xuddi shunday xususiyatga ega.

Avvalroq virusolog, tibbiyot fanlari doktori va Rossiyada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Anatoliy Altshteyn koronavirusning asosiy simptomlari isitma, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, hid va ta’m bilishni yo‘qotish ekanligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, boshqa simptomlar ham kuzatilishi mumkinligini, lekin asosiy 5 ta simptomlar bo‘lmasa qolganlariga e’tibor bermasa ham bo‘lishini aytgan.