Microsoft asoschisi Bill Geyts pandemiya vaqtida niqob taqishdan bosh tortayotganlarning harakatini g‘alati deb atadi. Bu haqda u aktrisa Rashida Jons bilan o‘tkazgan birinchi podkasti davomida ma’lum qilgan, deb yozadi “RBK”.

Foto: Getty Images

“Ular nima, nudistmi? Sizlardan ishton kiyish so‘ralyapti. Ba’zi bir amerikaliklarning aytishicha, bu qandaydir dahshatli narsa”, — deydi Geyts.

Nudizm (Naturizm) — bu tabiat bilan hamohanglikda yashash tarzi bo‘lib, uning asosiy belgisi ust-boshning yo‘qligi hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda niqoblarni taqishning foydasi haqida “aqlbovar qilmas” isbotlar mavjud, biroq pandemiya boshlangan paytda tibbiyot xodimlari infeksiya tarqalishiga qarshi kurashda asosan shamollash yoki grippdagi ma’lumotlarga tayangani sabab uning bu qadar samarali bo‘lishini kutmagan. Ushbu kasalliklarni odam yo‘talganida yuqtirib olishi mumkin, koronavirus esa shunchaki suhbat vaqtida ham yuqadi.

Geytsning ta’kidlashicha, boshqa aksariyat respirator viruslarda COVID-19’dagi kabi “mislsiz virus yuki” yo‘q. Masalan, agarda shamollagan odam niqobsiz boshqalar bilan bitta xonada bir soat vaqt o‘tkazsa, ularning aksariyati kasallikka chalinmaydi. Biroq mazkur holatda koronavirusga chalingan odam niqobsiz bo‘lsa, aksariyat odamlar virusni yuqtirib oladi.

Milliarderning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusni o‘zida belgilari kuzatilmagan odamlar ham tarqata olishi noodatiy hisoblanadi.

Avvalroq Bill Geyts koronavirus pandemiyasi 2022-yilda yakunlanishini prognoz qilgandi. Shuningdek, u koronavirus pandemiyasidan xavfliroq falokat sodir bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan hamda odamlarni odatiy hayot tarziga qaytarishning yagona usulini aytgandi.