Oppo kompaniyasi 17-noyabr kuni ekrani kengayadigan dunyodagi ilk apparat — Oppo X 2021 smartfonining konseptini namoyish etdi, deb xabar beradi IXBT. Nomidan bilish mumkinki, qurilma keyingi yili taqdim etiladi, biroq Oppo’ning o‘zi bu haqda hech qanday ma’lumot bermagan.

Kadr: YouTube

Shu bilan birga, smartfon shunchaki render emas, balki prototip ko‘rinishida namoyish etilgan.

Videodan ko‘rish mumkinki, barmoq bilan sensorli panelning chetiga teginilganda smartfon ekrani kengayadi. Jarayon u qadar tez emas va 3 soniyaga yaqin vaqtni oladi, ammo mazkur bosqichda bundan ortiq narsani kutib bo‘lmaydi.

Kadr: YouTube

Shuningdek, Oppo operatsion tizim ustida ham ishlaganini ko‘rish mumkin — ekrandagi ma’lumotlar smartfonning holatidan kelib chiqib o‘zgaradi.

Avvalroq Xitoyning TCL kompaniyasi 6,7 dyuymli ekranini 4,5 dyuymgacha kichraytirish mumkin bo‘lgan smartfon prototipini namoyish etgandi. Bundan tashqari, LG kompaniyasi ham yaqin vaqtlar ichida Yevropa Ittifoqi hududida o‘zining “rulon-ekran”ga ega smartfonini taqdim etishi mumkin.