BMW kompaniyasi Designworks bo‘linmasi bilan hamkorlikda beysjamping uchun dunyodagi ilk elektr qanot-kostyumni taqdim etdi. Soatiga 300 kilometr tezlikda parvoz qilish imkonini beradigan yangi vingsyutni Avstriya tog‘larida ekstremal Peter Salsmann sinab ko‘rdi, deb xabar beradi Motor.
Vingsyut deb havo oqimini oyoqlar, qo‘llar va uchuvchi tanasi orasidagi “qanotlarni” to‘ldirish orqali parvoz vaqtida turli manyovrlarni bajarishga imkon beradigan maxsus kostyumga aytiladi. An’anaviy kostyumlardagi beysjamping parvozining tezligi soatiga 100 kilometrga yetadi.
BMW muhandislari beysjamping borasidagi tasavvurlarni o‘zgartirishga qaror qilgan va dunyodagi birinchi elektr vingsyutni yaratdi. Kostyum maxsus uglerod plastikli ryukzak bilan jihozlangan bo‘lib, unga har birining quvvati 10 ot kuchiga teng karbon vintlarga ega ikkita elektromotor qotirilgan. Parraklar daqiqasiga 25 ming marotaba aylanib, soatiga 300 kilometr tezlikda uchish imkoniyatini taqdim etadi. 50 voltli litiy batareyalari bilan birga ryukzakning umumiy og‘irligi 12 kilogrammga teng. Akkumulyator quvvati besh daqiqa parvoz qilish uchun yetadi.
Ekstremal Peter Salsmann kostyum ixtirosida bevosita ishtirok etib, uning yordamida BWM’ning Myunxendagi markazida bir necha marotaba sinovlarni o‘tkazgan. Elektr vingsyutning ishlash qobiliyatini avstriyalik Janubiy Koreyada sinovdan o‘tkazishni rejalashtirgan. Biroq pandemiya sabab sinov joyini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Sportchi Alp tog‘lariga yo‘l olib, beysjamping uchun klassik kostyumda 3000 metrga yaqin balandlikdan sakragan.
Mavzuga doir: Jeep dunyodagi eng ekstremal mehmonxonani ochdi