Fransiyaning Nitssa shahrida pichoq bilan odamlarga hujum qilib, uch kishini o‘ldirgan odam Tunis fuqarosi bo‘lib chiqdi. Bu haqda Nice Matin nashriga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: Nice Matin

Ma’lum qilinishicha, terrorchi 21 yoshda bo‘lib, tergovchilar uning ismi Brahim A. ekanligini aytmoqda. Politsiyaning fikricha, u sheriklarsiz harakat qilgan.

Nitssa shahrida 29-oktabr kuni ertalab pichoq bilan qurollangan erkak Notr-Dam ibodatxonasiga kirib, qorovul va ikki nafar ayolni o‘ldirgan. Ularning barchasi bo‘yin sohasida jiddiy jarohat olgan. Ayollardan biri ibodatxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan, biroq keyinroq u olingan jarohatlardan vafot etgan.

Hujumga guvoh bo‘lgan kishi politsiyani chaqirgan. Ular voqea joyiga tezlik bilan yetib kelgan va terrorchiga o‘t ochgan. U yaralangan va hozirgi paytda shifoxonada.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron hodisani “islom terrorizmi akti” deb atagan. Mazkur hujumdan keyin Fransiyaning butun hududida terroristik xavfning eng yuqori darajasi e’lon qilingan.

Eslatib o‘tamiz, Fransiyada tarix fani o‘qituvchisi o‘quvchilarga Charlie Hebdo nashri tomonidan chop etilgan Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning karikatura suratini ko‘rsatgan. Shundan so‘ng o‘qituvchi chechenistonlik muhojir tomonidan o‘ldirilgan. Bu voqea Fransiyada keng jamoatchilikning muhokamasiga sabab bo‘ldi. O‘ldirilgan o‘qituvchi bilan vidolashish marosimida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat so‘z erkinligidan, jumladan, karikatura borasidagi erkinlikdan voz kechmasligini ma’lum qilgan. Fransiya prezidentining mazkur bayonoti ortidan Yaqin Sharqdagi ba’zi mamlakatlarda Fransiyada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni boykot qilish boshlandi.