Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida 25-oktabr — Ichki ishlar xodimlari bayrami munosabati bilan tizimda faoliyat yuritib kelayotgan 30 nafar xodimga yangi xonadon kalitlari topshirildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: Sardor Murodov

Ma’lum qilinishicha, IIB xodimlariga topshirilgan yangi uylar “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi viloyat filiali buyurtmasiga ko‘ra, “Botirpolvon” qurilish tashkiloti tomonidan barpo etilgan.

Foto: Sardor Murodov

“IIB xodimlariga topshirilgan uy besh qavatli bo‘lib,  30 xonadondan iborat. Xonadonlardan 15 tasi ikki xonali, qolgan 15 tasi uch xonali hisoblanadi. Mazkur uy qurilishiga 4 milliard 41 million 927 ming so‘m mablag‘ sarflangan bo‘lib, u barcha sharoitlarga ega”, — deydi “Qishloqqurilishinvest” injiniring kompaniyasi viloyat filiali boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Murodov.

Foto: Sardor Murodov

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh soha vakillarini mukofotlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Farmon bilan o‘z xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo‘lgan ikki nafar ichki ishlar xodimi ham “Jasorat” medali bilan mukofotlangandi.