Bishkek shahri merining birinchi o‘rinbosari Narimon Tulyeyev Qirg‘iziston poytaxti rahbari majburiyatlarini bajarishdan bosh tortdi. Bu haqda shahar meriyasi tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

Foto: “Meria.kg”

Tulyeyevning so‘zlariga ko‘ra, merning birinchi o‘rinbosari lavozimini egallash va mer majburiyatlarini bajarishni o‘z zimmasiga olishga 20-oktabr kuni iste’foga chiqqan Aziz Surakmatov “ko‘ndirgan”. Prezident vazifasini bajarayotgan Sadir Japarov saylovlarda ishtirok etish uchun lavozimdan ketishga qaror qilgan Bishkek meri Surakmatovning iste’fosini qabul qilgan.

Tulyeyevning aytishicha, u “hali ishga kirishmasidan oldin” mer kursisi atrofida “turli guruhlar va shubhali shaxslarning iflos va jirkanch kurashi” boshlanib ketgan.

“Ulardan ba’zilari tajovuzkorlik bilan deyarli kuch ishlatish darajasiga yetdi va yuragimdagi og‘riq bilan ba’zi odamlar kuch hamda manfaatlari uchun xalqni bir-biriga qarshi qo‘yishga tayyor ekanliklarini ko‘rdim”, — deydi Tulyeyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mer vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib merning birinchi o‘rinbosari Almaz Baketayev tayinlanadi.

Eslatib o‘tamiz, norozilik namoyishlari fonida Bishkek shahriga namoyishchilar tomonidan yangi mer tayinlandi. Ammo shaharning rasmiy rahbari Aziz Surakmatov iste’fo haqida ariza yozmadi. Prezidenti So‘ronbay Jeenbekov sodir bo‘lgan voqealarni hukumatni noqonuniy egallashga urinish deb atadi. Shuningdek, davlatning yaxlitligi, xalqning birligi va jamiyatning xotirjamligini birlamchi deb atab, muayyan sharoitlarda lavozimdan ketishga tayyorligini bildirdi.

9-oktabr kuni Qirg‘iziston prezidenti hukumat va bosh vazirni iste’foga chiqardi. Bishkekda 9-oktabr soat 20:00 dan boshlab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi, shaharga harbiy bo‘linmalar va harbiy texnika kiritildi. Ayni shu kuni mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atambayevga nisbatan suiqasd uyushtirildi. 10-oktabr kuni esa Atambayev qo‘lga olingani ma’lum qilindi.