Fransiyada o‘tgan bir kecha-kunduzda 32,4 mingdan ortiq kishi koronavirusga chalindi, bu rekord ko‘rsatkich hisoblanadi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net” mamlakatdagi Sante Publique sanitariya agentligiga tayanib.

Foto: EPA

Bungacha bir kecha-kunduzda COVID-19’ga chalinish bilan bog‘liq eng ko‘p holat 30 mingtani tashkil etar edi.

Fransiyada epidemiya boshidan buyon kasallanganlarning umumiy soni 867 mingdan oshdi, 33 392 kishi vafot etdi. O‘tgan 24 soat ichida mamlakatda koronavirus tufayli 90 kishi hayotdan ko‘z yumdi.

Bir hafta ichida kasalxonalarga 7198 nafar COVID-19’ga chalingan bemor kelib tushgan, ularning 1269 nafari — reanimatsiyaga yotqizilgan.

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijda va COVID-19 bilan kasallanish darajasi yuqori bo‘lgan mamlakatning boshqa shaharlarida komendantlik soatini joriy qilish haqida buyruq bergan edi. Shuningdek, Fransiyada COVID-19 epidemiyasi sabab joriy qilingan umumiy o‘z-o‘zini izolyatsiyalash tartibi davlatga, taxminan, 15 milliarddan 20 milliard yevrogacha zarar keltirayotgani ma’lum qilindi.