Boks bo‘yicha mutlaq og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Mayk Tayson va to‘rtta vazn toifasi sobiq chempioni Roy Jons o‘rtasidagi ko‘rgazmali jangga oid yangi tafsilotlar ma’lum bo‘ldi.

Foto: Eurosport

Ta’kidlanishicha, jang sakkiz raunddan iborat bo‘ladi va har bir raund ikki daqiqadan davom etadi. Bu haqda Roy Jons bloger Jo Rogan bilan bo‘lgan suhbatda aytib o‘tdi.

“Endi ular sakkizta ikki daqiqalik raundlar qoidasini kiritdi. Hammasi Taysonning foydasi uchun qilinmoqda va bu ham. Muxlislarning qiziqishi shunchalar yuqoriki, men ularning hafsalasini pir qilgim kelmayapti, tashkilotchilar esa buning uchun meni jazolashda davom etmoqda. Bunga ham tayyorman, biroq taktikamni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Endi tezroq harakat qilishim kerak.

Ular bu qarorni o‘tgan haftada chiqardi. Ular har hafta kelishuvni o‘zgartirmoqda. Menimcha, shartnomani yaxshi o‘qib chiqmaganman.

Shuningdek, jang sanasining o‘zgargani ham Maykning foydasiga xizmat qiladi. Unda tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘proq vaqt yuzaga keldi. Bu Taysondan qo‘rqayotganimni anglatmaydi. Shunchaki, qo‘shimcha olti haftalik tayyorgarlikdan keyin uning imkoniyati ortadi”, — deydi Jons.

Eslatib o‘tamiz, afsonaviy bokschilar o‘rtasidagi jang 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.