17-oktabrga o‘tar kechasi Armaniston qurolli kuchlari tomonidan Ganja shahriga berilgan raketa zarbalari oqibatida 12 kishi halok bo‘ldi, 40 dan ortiq odam jarohat oldi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “TASS”

Ozarbayjon prezidenti administratsiyasining tashqi siyosiy masalalar bo‘yicha bo‘limi mudiri Hikmat Gajiyev o‘zining Twitter’dagi sahifasida hujum oqibatida halok bo‘lganlar o‘ndan ortiq ekanligini bildirgan.

Avvalroq Boku Armaniston qurolli kuchlari Ganja va Mingechevir shaharlariga raketa zarbalarini amalga oshirganini ma’lum qilgandi. Ganja shahriga ikkita raketa kelib tushgan, ikkisi ham aholi yashaydigan dahalarga. Jami 20 ta uyga shikast yetgan, beshta uy butunlay yakson bo‘lgan. Ayni vaqtda qutqaruv-qidiruv ishlari davom etmoqda. Mingechevir shahri tomon otilgan raketani esa Ozarbayjon havo hujumidan mudofaa komplekslari tutib qolgan.

Gajiyevning yozishicha, Ganja shahriga amalga oshirilgan zarba “Elbrus” (Scud) tezkor-taktik raketa komplekslari tomonidan uchirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu kabi xulosa snaryad tushgan joydan topilgan raketa qoldiqlaridan so‘ng chiqarilgan.

Armaniston Mudofaa vazirligi Bokuning ushbu bayonotini rad etgan.

“Armaniston hududidan yoki Armaniston qurolli kuchlari tomonidan Ozarbayjon tomonga hech qanday o‘t ochish amalga oshirilmadi”, — deb yozadi Armaniston Mudofaa vazirligi matbuot kotibi Shushan Stepanyan.

Eslatib o‘tamiz, Tog‘li Qorabog‘da keng qamrovli jangovar harakatlar 27-sentabrdan buyon davom etmoqda. Ozarbayjon va Armaniston 10-oktabr kuni soat 12:00 dan boshlab Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishib olgandi. O‘sha kunning o‘zidayoq Armaniston va Ozarbayjon Mudofaa vazirliklari bir-birini Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzishda aybladi.