TikTok-blogerlar o‘zlarining roliklariga mos keladigan joyni qidirishi tobora ommalashib bormoqda. Ijtimoiy tarmoq sabab AQShda ko‘chmas mulklarning yangi turi — kontent uylar yoki hamkorlikdagi ish uchun uylar paydo bo‘ladi. Taniqli blogerlar o‘z roliklari uchun fon sifatida ijaraga olingan qimmat koshonalardan foydalanishi mumkin, deb yozadi Bloomberg CityLab.

Foto: Bloomberg CityLab

Ko‘chmas mulk agentlarining so‘zlariga ko‘ra, bu kabi uylarda lift, basseyn va terrasadan ajoyib manzaralar o‘rin oladi. “Agarda siz oyiga 30 mingdan 50 minggacha sarflaydigan bo‘lsangiz, u yerda sizga kerakli barcha qulayliklar, xususan, keng makon va avtoturargohlar, oshxona va umumiy foydalanishga mo‘ljallangan joylar bo‘lishi kerak”, — deydi Duglas Elliman vakili Josh Piker.

Ta’kidlanishicha, TikTok-blogerlarni hashamatli “kommunalka” yaratishga ilhomlantirgan ilk platforma emas. Bir necha yil oldin bu kabi birlashmalar YouTube va hozirda ko‘pchilikning yodidan chiqib ketgan Vine roliklar mualliflari uchun ham yaratilgan.

Hukumat vakillari koronavirus pandemiyasi fonida bu kabi birlashmalarga nisbatan tanqidiy fikr bildirgan. Los-Anjeles prokurori Mayk Foyerning so‘zlariga ko‘ra, 19 million obunachisi bor bloger boshqacha xulq-atvor namunasini ko‘rsatishi kerak. Bundan tashqari, badavlat insonlar yashaydigan dahalar aholisi “selfiga tushuvchi o‘smirlar” sabab o‘zlarini noqulay his qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, prezident Donald Tramp 2020-yilning 6-avgust kuni AQShda TikTok’ni bloklashni ko‘zda tutuvchi farmonni imzolagandi. Farmonga ko‘ra, agar xizmatning AQShdagi operatsiyalari Amerika kompaniyasiga sotilmasa, TikTok AQShda hujjat imzolanganidan 40 kundan keyin bloklanishi nazarda tutilgandi. Shu tariqa, Donald Tramp ByteDance kompaniyasiga shartnoma tuzish uchun 20-sentabrgacha muhlat bergandi. Shuningdek, Tramp ana shu sanada WeChat’ni bloklashni ham va’da qilgan.