Moskvaga pandemiya bostirib kirmoqda. Bu haqda shahar meri Sergey Sobyanin “Rossiya-1” telekanali efirida ma’lum qildi, deb yozmoqda “Vesti.ru”.

Sergey Sobyanin

Foto: “RIA Novosti”

“Kasalxonalar bemorlar bilan to‘lishda davom etmoqda, jonlantirish bo‘limlarida, o‘pkaga sun’iy havo berish apparatlarida yotgan ahvoli o‘ta og‘ir bemorlar soni ham ko‘paygan. O‘lim holatlari ham o‘sib ketmoqda! Bularning bari pandemiya bostirib kelayotganidan darak beradi”, — degan Sobyanin.

Mer bir necha oydan keyin koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina tayyor bo‘lishiga ishonishi, odamlarni emlash ishlari boshlanishini bildirdi.

“Bu kunlar ham tugaydi, biroq mazkur voqealarni yo‘qotishlarsiz o‘tkazishimiz zarur”, – deya Sobyanin so‘zlaridan iqtibos keltirgan “RIA Novosti”.

Sobyanin 9-oktabrda ortda qolayotgan haftada Moskvada koronavirusning tarqalishi bo‘yicha vaziyat umuman yengillashmaganini bildirgan. Shuningdek, u 12–18-oktabr kunlari bu borada hal qilinadigan oraliq bo‘lishini qayd etgan. Merning so‘zlariga ko‘ra, Moskva shahri ma’muriyati shaharni karantin uchun yopish tarafdori emas.

Avvalroq Moskvada may oyidan beri ilk bor bir sutkada 4 mingdan ortiq kishida COVID-19 aniqlangani xabar qilingandi.