O‘zbekiston Markaziy banki 2020-yilning 9 oyidagi ichki valyuta bozoridagi holat va yil yakuniga qadar kutilayotgan tendensiyalar yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki oy davomida karantin bilan bog‘liq cheklovlarning yumshatilishi hamda iqtisodiy faollikning asta-sekinlik bilan tiklanib borishi ta’sirida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning nisbatan yuqori darajada bo‘lishi kuzatildi. Bu, asosan, karantin sharoitlarida qondirilmagan talabning ma’lum bir kechikish orqali yuzaga chiqishi bilan izohlangan.
2020-yilning yanvar—sentabr oylari davomida ichki valyuta bozorida xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan jami 10,7 milliard dollarlik xorijiy valyuta sotib olindi.
“Mazkur davrda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 7,0 milliard dollarni tashkil etib, qolgan 3,7 milliard dollarlik talab esa Markaziy bankning intervensiyalari hisobiga to‘liq qondirildi”, — deyiladi ma’lumotda.
Ta’kidlanishicha, hisobot davrida ichki valyuta bozoridagi Markaziy bankning intervensiyalari oltin-valyuta zaxiralarining neytralligi tamoyiliga asoslangan holda, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin miqdori doirasida amalga oshirildi.
“Markaziy bank kelgusi oktabr—dekabr oylari davomida ham ushbu tamoyilga asosan ichki valyuta bozoriga intervensiyalarni amalga oshirib boradi. Bunda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi kuzatilgan holatlarda zaruriyatga qarab, yil boshidan oltin xaridi va amalga oshirilgan intervensiya operatsiyalari o‘rtasidagi tafovutdan hosil bo‘lgan 300 million dollar miqdoridagi valyuta zaxirasi ham ushbu maqsadlarga yo‘naltirilishi mumkin”, — deyiladi Markaziy bank ma’lumotida.