O‘zbekistonda milliy valyuta kursi 2020-yilning yanvar—aprel oylarida 6,6 foizga pasaygan bo‘lsa, may—sentabr oylari davomida 2 foizga pasaydi. Bu haqda Markaziy bankning ichki valyuta bozoridagi holat yuzasidan bergan axborotida keltirildi.
Unga ko‘ra, 2020-yil 9 oyi davomida milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan almashuv kursi 8,6 foizga qadrsizlangan.
“Yil yakuniga qadar milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki va tashqi makroiqtisodiy omillar ta’sirida, ichki valyuta bozoridagi mavjud talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib shakllanib boradi”, — deyiladi Markaziy bank xabarida.
Ta’kidlanishicha, ichki iqtisodiy faollikning tiklanish sur’atlari va asosiy tashqi savdo hamkorlardagi makroiqtisodiy sharoitlarda 2020-yil yakuniga qadar ichki valyuta bozorida holatning nisbatan barqaror shakllanishi, almashuv kursining keskin tebranishlariga olib keluvchi fundamental omillar xatarlari ehtimoli pastligi kuzatilmoqda.
“Yil so‘ngiga qadar ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab va taklif mutanosibligini saqlash yuzasidan yetarli sharoitlar mavjud”, — deyiladi Markaziy bank ma’lumotida.