So‘nggi bir sutkada dunyo bo‘ylab 350 766 kishi koronavirus yuqtirib oldi, bu butun pandemiya davridagi yangi antirekord bo‘ldi, deb yozmoqda “Interfaks” JSST ma’lumotiga tayanib.
Yangi kasallanish holatlarining taxminan 110 mingtasi Yevropada aniqlangan. Bundan avvalgi antirekord bir kun avval qayd etilgan, shu kuni 338 799 kishi koronavirusga chalingandi.
JSSTning favqulodda vaziyatlar xizmati rahbari Maykl Rayan mamlakatlar nafaqat cheklovlar qo‘yishi, balki nazorat tizimlarini kuchaytirishi, test sinovlarni o‘tkazishi, yuqtirishi mumkin bo‘lgan odamlarning aloqalarini kuzatishi va hammani infeksiyaga qarshi kurashga jalb qilishi lozimligini aytdi.
Butun pandemiya davomida koronavirus qariyb 37 million kishida qayd etildi, ularning million nafardan ortig‘i o‘lim bilan yakunlandi, bemorlarning 27,8 million nafari butunlay sog‘ayishga erishdi.
Biroq ayrim mutaxassislarning fikricha, aslida vaziyat yanada achinarli ahvolda. Avvalroq oktabr oyida JSST dunyodagi har 10 kishining birida, ya’ni 760 millionga yaqin kishida infeksiya izlari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.