O‘zbekistonga 2020-yilning 1-sentabr holatiga ko‘ra, qiymati 5,3 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 230,6 ming dona televizor va uning qismlari import qilingan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Foto: Festima.ru

Qayd etilishicha, 2019-yilning mos davriga nisbatan bu yil televizor va uning qismlari importiga 2,8 million AQSh dollari kam sarflangan.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 26 ta davlatdan televizor va uning qismlari import qilgan. Import hajmi yuqori bo‘lgan davlatlar orasida Xitoy (3,2 million), Koreya (820 ming), Qozog‘iston (435,6 ming) va 87 ming AQSh dollari bilan Germaniyani ko‘rish mumkin.

Ma’lumot o‘rnida, mamlakatda 2019-yilda qiymati 946,3 milliard so‘mlik 951 ming dona televizor ishlab chiqarilgan.

Avvalroq O‘zbekistonga qancha hajmda mebel, yog‘och va yog‘och mahsulotlari, elektromobil, mobil telefonlar import qilingani xabar qilingandi.