Koronavirusning og‘ir kechishida organizmni viruslardan himoya qilishga yordam beradigan interferon yetishmovchiligi hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin. “RBK”ning Science jurnaliga tayanib xabar berishicha, ikki guruh amerikalik olimlar shunday xulosaga keldi.

Foto: Getty Images

Tadqiqotlar COVID-19 og‘ir kechayotgan ayrim bemorlarda interferon reaksiyasi genetik chetga chiqish tufayli yoki interferonning o‘ziga hujum qiladigan nomaqbul antitana tufayli buzilganini ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, olimlar interferonga hujum qiluvchi antitana topilgan mijozlarning 94 foizi erkaklar ekanligi aniqlangan. Science’da ta’kidlanishicha, bu ham erkaklar kasallikni ayollarga qaraganda og‘irroq o‘tkazishini tushunishga yordam beradi.

Jurnalda qayd etilishicha, olimlarning bunday xulosalari bevosita amaliy ahamiyatga ega. Uzoq vaqt davomida boshqa kasalliklarni davolash uchun ishlatilgan sintetik interferonlar xavf ostida bo‘lgan guruhga kiruvchi ayrim mijozlarga yordam berishi mumkin.

Science’dagi xabarlarga izoh bergan La-Hoyadagi immunologiya instituti (AQSh) virusologi Sheyn Krotti interferonning kechikib reaksiya berishi koronavirusning “hiylasi” bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan.

“Uning mohiyati ma’lum bir vaqt davomida boshlang‘ich tug‘ma immunitet reaksiyasidan qochish va xususan, I turdagi interferonning erta reaksiyasining oldini olishdan iborat”, — degan virusolog Bloomberg bilan suhbatda.

Avvalroq olimlar biomateriallarni tahlil qilib, COVID-19’ning og‘ir shakli bilan og‘rigan barcha bemorlarda I tur interferon yetishmovchiligini aniqlagandi. Bu organizm virusga qarshi kurashda ishlab chiqaradigan oqsil hisoblanadi. U koronavirus infeksiyasi rivojlanishini kamaytiradi. Oqsilning aynan ushbu turi kasallarning sog‘ayishida muhim rol o‘ynashi ta’kidlangan.