Namangandagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida hajmi jihatdan O‘zbekiston musulmonlari idorasidagi Qur’oni Usmoniydan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan Mus’hafning qo‘lyozma nusxasi saqlanmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

Mazkur qo‘lyozmaning bo‘yi 74, eni 51, qalinligi 12 santimetrni, og‘irligi esa 21,5 kilogrammni tashkil etadi. Jami 428 sahifadan iborat, Qur’ondagi barcha suralar to‘liq yozilgan.

Uning Namanganga olib kelinishi bilan bog‘liq g‘aroyib tafsilotlar bor. Bu haqda uning ishtirokchilari “Daryo” muxbiriga hikoya qilib berdi.

Eshonxon domlaning xazinasi

Foto: “Daryo”

Hoshimjon Do‘lmonov, Namangan viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamoat fondi raisi:

—1994-yili Yoshlar ittifoqi Markaziy qo‘mitasi raisi Alisher Teshaboyev tashabbusi bilan “Amir Temur yurgan yo‘llar bo‘ylab” xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi. Men u paytda Markaziy qo‘mita mafkura bo‘limi mudiri bo‘lib ishlardim. Ekspeditsiyaga Faxriddin Ashrafxo‘jayev va men rahbarlik qiladigan bo‘ldik. Turg‘un Fayziyev, Orif Usmon, Ashraf Ahmedov, Malik Murodov, Nasimxon Rahmonov, Qozoqboy Mahmudov, Usmon Qoraboyev, Nodira Rashidova va boshqa olimlar bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi, o‘zimizning Farg‘ona vodiysidagi Amir Temur bilan bog‘liq makon va maskanlarini o‘rgandik.

1995-yil aprelida yo‘limiz Qirg‘izistonning O‘zgan shahriga tushdi. Ekspediya a’zolari bu yerdagi tarixiy obidalardan birini o‘rganayotgan chog‘da shu yerga yaqin manzilda istiqomat qiladigan ulamo Eshonxon Oqilovni yo‘qlab, uylariga o‘tdim. U kishi bizning eski qadrdon, sinfdoshim Saydulloxon Qodirovning tog‘alari edi. Maktabda o‘qib yurgan paytlarimiz ta’til paytlari do‘stim bilan uylarida ko‘p mehmon bo‘lgandik. Oxirgi marotaba 1980-yilda, Toshkentga o‘qishga jo‘nashimdan oldin ko‘rishib, duolarini olgandim.

Xullas, oradan 15 yil o‘tib, u kishi bilan yana ko‘rishdik. Suhbat chog‘ida o‘zlari katta ulamo bo‘lgan Eshonxon aka tarixiy obidalar va qo‘lyozmalarni tadqiq qilib yurganimizni eshitib, uylarida hajmi nihoyatda katta Qur’oni karim saqlanishi, bu kitob asli O‘zbekistondan olib kelingani aytib qoldi. Mus’hafni ko‘zdan kechirib, bebaho xazina qarshisida turganimdan biroz shoshib qoldim. Darrov ekspeditsiya rahbarlaridan biri Faxriddin Ashrafxo‘jayevni chaqirdim. U kishi ham qo‘lyozmani ko‘rib, Eshonxon aka bilan uzoq suhbatlashdi. Domlaning bu kitobni asl yurtiga qaytarish niyatlari bor ekanligidan xursand bo‘ldik. Buning uchun bafurja kelish haqidagi va’dalar bilan xayrlashdik.

Foto: “Daryo”

Namanganga qaytgandan so‘ng ekspeditsiya safari yakunlari haqida viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mufassal axborot berdik. O‘zganda saqlanayotgan Qur’oni karim haqida viloyatning o‘sha paytdagi rahbari Burgutali Rapig‘aliyev ham xabardor bo‘ldi va bunga astoydil qiziqish bildirdi. Yig‘ilishda ishtirok etgan viloyat kinolashtirish boshqarmasi boshlig‘i Kamolxon Muhiddinov esa Mus’hafni olib kelishga bosh-qosh bo‘ldi.

“Mashinamizdan nur taralib turgandek tuyulardi”

Foto: “Daryo”

Kamolxon Muhiddinov, mehnat faxriysi:

—1995-yili viloyat kinolashtirish boshqarmasi rahbari edim. O‘shanda viloyat hokimligida “Amir Temur yurgan yo‘llar bo‘ylab” xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi a’zolari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda O‘zganda saqlanayotgan noyob kitob haqida eshitib, ichimga o‘t tushdi. Burgutali akaga kitobni o‘zim borib olib kelishimni aytdim.

Shundan keyin ko‘p o‘tmay haj ziyorati nasib etdi. Muqaddas manzillarda ham Qur’oni karimni Namanganga olib kelish nasib etishini astoydil so‘radim. Ziyoratdan qaytgach kuz oylariga yaqin O‘zganga otlandik. Men, folklorshunos olim Malik Murodov va hamkasbim Odiljon Mo‘minov. Ketayotgan ancha-muncha qiyinchiliklarga duch keldik, yo‘llarda ko‘p to‘xtatishdi.

Eshonxon domlani topdik. U kishi biz bilan obdon muloqot qildi, xususan, meni urug‘-avlodimni surishtirdi. Keyin ko‘zlarida yosh bilan “bu tabarruk kitob asli menga omonat, Namangandan olib kelganman. Buni asl yurtiga qaytish fursati yetibdi. Faqat Mus’hafni ko‘z qorachig‘idek asranglar, uni ajib bir ilohiy fayzi bor”, dedi. Bu haqda qayta-qayta ishontirib, o‘zlarini Namanganga taklif qilib, kitobni qo‘lga kiritdik. Bunga hozirgacha o‘zim ham ishonmayman.

Kitobning karomatini qaytishdayoq sezdik. Borishdagi mashaqqatlardan asar ham qolmadi, hech kim to‘xtatmadi ham, bunga harakat qilganlari ham ortiga qaytib ketaverdi. Mashinamizdan ham xuddi nur taralib turgandek tuyulardi.

Qaytgandan so‘ng kitobni viloyat hokimi Burgutali Rapig‘aliyevga ko‘rsatdim, u kishi juda mamnun bo‘ldi. “Shuncha yil saqlagan odamni ham rozi qilishimiz kerak” dedi. Uyda bir muddat turgach, “Oltin meros” jamg‘armasiga topshirdik. Topshirish marosimiga Eshonxon domlani ham taklif qildik. U kishi o‘zlari kitobni buning uchun ajratilgan maxsus joyga qo‘yib berdi. U zotga viloyat ahlidan minnatdorlik ramzi sifatida yangi VAZ 2106 mashinasi kaliti topshirilganini eslayman.

Shu muqaddas xazina O‘zbekistonga qaytarilishiga ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shganimdan, bu tabarruk kitob hozirda Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi muzeyidagi asosiy eksponatlardan biriga aylanganidan xursandman.

“Bu kitobning egasi siz bo‘lsangiz kerak”

Foto: “Daryo”

Saydulloxon Qodirov, “Mingbuloq tumangaz” bo‘limi muhandisi:

— Eshonxon Oqilov tog‘am bo‘ladi. 1929-yilda O‘zganda tug‘ilgan, Mir Arab madrasasida tahsil olgan. Diniy idoralarda turli vazifalarda ishlagan. To‘ytepadagi masjidlardan birida imom-xatib bo‘lib ishlab yurgan paytlari Chustning Olmos qishlog‘idan bo‘lgan, dehqonchilik bilan shug‘ullanadigan bir namozxon u kishiga astoydil ixlos qo‘yadi. Shu odam “menda bir qadimiy kitob bor, bu kitobning egasi Siz bo‘lsangiz kerak” deydi va Qur’oni karimni topshiradi. Tog‘am esa keyinchalik diniy kitoblarga xuruj kuchaygan payti Mus’hafni O‘zganga olib ketadi.

U kishi nihoyatda taqvodor, avliyosifat kishi edi. “Mening joyim Makkada, o‘sha yoqda qolishim kerak” degan gapni ko‘p takrorlardi. Niyatiga yetdi: 2002-yili, uchinchi bor haj ziyoratiga borganda Makkada olamdan o‘tdi va o‘sha yerdagi mozorlardan biriga qo‘yildi.

Foto: “Daryo”

Bu noyob kitob necha yillik tarixga ega ekanligi haqida turli taxminlar bor. 800 yil, 500 yil degan dalillar keltiriladi. Hazrati Mavlono Xoja Lutfulloh Chustiy xonaqohiga tegishli ekanligi va 1874-yilda ko‘chirib tugatilgani ham qayd etilgan.

Qo‘lyozma 2017-yilgacha “Oltin meros” jamg‘armasida saqlandi va o‘sha yili Namangandagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti kutubxonasiga topshirildi. Hozirda esa Chortoqdagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi muzeyida saqlanmoqda.

Uning sahifalaridan biriga eski o‘zbek yozuvida “Men Oqilxo‘ja Said Burhon Qilich o‘g‘li, 1995-yil 6-sentabr kuni Namangan shahrida abadiy saqlash uchun Kamolxon akaga va Burgutali hokim janoblariga topshirdim, deb Eshonxon O‘zgandiy”, deya imzo qo‘yilgan.

Foto: “Daryo”