Italiya sobiq bosh vaziri Silvio Berluskonining koronavirusni aniqlash uchun topshirgan testi unda virus borligini ko‘rsatdi. Bu haqda uning shaxsiy shifokori Alberto Dzangrillo ma’lum qildi, deb yozmoqda “RIA Novosti”.
Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, Berluskonining kasalligi belgilarsiz o‘tmoqda, siyosatchi esa uyida o‘zini izolyatsiya qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, “Olg‘a, Italiya” partiyasi yetakchisi Sardiniyaga safaridan qaytgach, test topshirgan.
Berluskonining matbuot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, u o‘z rezidensiyasida ishini davom ettirmoqda va belgilangan karantin muddatini o‘tamoqda.
“Har qanday holatda ham u ‘Olg‘a, Italiya’ va boshqa o‘ng markazchi partiyalardan hududiy va ma’muriy saylovlarda nomzod bo‘ladiganlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi”, — deyiladi bayonotda.
“Olg‘a, Italiya” partiyasidagi manba 25-avgust kuni Berluskoni koronavirusni aniqlash bo‘yicha ikki marta shoshilinch test topshirgani va ularning natijalari manfiy bo‘lgani haqida ma’lum qilgan. Berluskonining bunday qarorga kelishiga COVID-19 bilan kasallangan boshqa bir italiyalik biznesmen, Formula-1 jamoasining sobiq menejeri, 70 yoshli Flavio Briatorening shoshilinch ravishda kasalxonaga yotqizilgani sabab bo‘lgan. O‘shanda Berluskoni do‘sti, milliy parlament deputati Marta Fashina bilan Sardiniyadagi dam olishdan qaytgan. Sobiq bosh vazir 12-avgust kuni Briatore bilan o‘zining Sardiniyadagi zumrad qirg‘oqda joylashgan villasida uchrashgan.
Izoh (0)