O‘zbekistonda 2-sentabrdan oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Pandemiya sababli imtihonlar stadionlar va xiyobonlarda bo‘lib o‘tmoqda.

Imtihonlarning birinchi kunida O‘zbekistonda bulutli ob-havo kuzatildi. Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi stadionda ikkinchi smenada imtihon topshirayotgan talabalar ustidan yomg‘ir tomchiladi. Imtihon tashkilotchilari abituriyentlar hamda ular ishlayotgan test va javob varaqlarini yomg‘irdan himoya qilish uchun antiqa yo‘l tutdi.

Foto: Telegram

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev tomonidan e’lon qilingan suratda abituriyentlar o‘tirgan qatorlar ustidan uzunasiga sellofan plyonka tortilganini ko‘rish mumkin.

“Ilgari plyonka ostiga paxta ekilardi, endi abituriyent ‘ekilyaptimi’ deyman”, — deya hazilomuz izoh bergan Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Eslatib o‘tamiz, 26-avgust kuni Toshkent shahrida yog‘ingarchilik kuzatilgani sabab imtihonlar uchun xiyobonlarda tayyorlab qo‘yilgan parta-stullar sellofan bilan qoplab chiqilgandi.