16-avgust kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, professor Shuhrat Boymurodov koronavirus epileptik xurujni (tutqanoq) chaqirishi mumkinmi, degan savolga javob berdi.
Shuhrat Boymurodovning aytishicha, hozirgi kunda koronavirus infeksiyasi epilepsiya xurujini chaqirishi to‘g‘risida isbotlangan ma’lumotlar yo‘q.
“Ammo epilepsiya bilan og‘rigan bemorlarda isitma (ayniqsa, bolalarda), infeksiya, kam uxlash va umumiy holsizlik holatlari xurujni chaqirishi mumkin”, – dedi mutaxassis.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining statistik ma’lumotlariga ko‘ra tutqanoq kasalligi Yer sharining turli yoshda bo‘lgan 0,5 foiz aholisida uchraydi.
Unga xos belgilar hushdan ketish va tana mushaklarining ayrim guruhlarida titrash ro‘y berishidir. Ba’zi hollarda tutqanoq bemor tanasining hamma mushaklarida yoki diffuz (tarqoq) holda ro‘y berishi mumkin. Bu kasallikning kelib chiqishi ba’zan irsiyat bilan ham bog‘liq bo‘ladi.
Izoh (0)