Gamaley markazi tomonidan ishlab chiqilgan koronavirus vaksinasining klinik sinovlari yakunlandi. Bu haqda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mixail Murashkoga tayanib “TASS” xabar berdi.

Foto: Oriongazette

Vazirning ta’kidlashicha, hozir vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun hujjatlar to‘plami tayyorlanmoqda, shundan so‘ng cheklangan guruhlardan odamlar, xususan, shifokorlar va o‘qituvchilar emlana boshlaydi. Vazir oktabr oyida ommaviy emlash jarayoni boshlanishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Vazir qo‘shimcha qilib, Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmatining “Vektor” virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi tomonidan ishlab chiqilgan yana bir vaksina hozirda klinik sinovlar bosqichida ekanini ta’kidladi.

Avvalroq JSST koronavirusga qarshi vaksinatsiya 2021-yildan oldin boshlanmasligini ma’lum qilgandi.

Ma’lumot uchun dunyo bo‘ylab bir necha vaksinalar hozirda yakuniy sinov jarayonida. Xususan, AQShda Moderna kompaniyasi ishlab chiqargan vaksina 30 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, Xitoyning Sinopharm Group kompaniyasi o‘z vaksinasini O‘zbekiston va BAA davlatidagi 15 ming kishida yakuniy sinovdan o‘tkazmoqchi.