Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 177 ta tadqiqot guruhi SARS-CoV2 koronavirusiga qarshi vaksina yaratish bilan shug‘ullanmoqda. Bugungi kunda yaratilayotgan vaksinalarning asosiy qismi klinik sinovlargacha bo‘lgan tekshiruvlardan o‘tmoqda. Ko‘ngilli insonlarda sinovlarni o‘tkazish bilan hozirda 35 ta kompaniya shug‘ullanyapti. Faqatgina beshta dori vositasi so‘nggi uchinchi bosqichda — klinik sinovlar fazasida. “Gazeta.uz” ushbu fazalar bir-biridan nimasi bilan farq qilishi va qaysi tashkilotlar yakuniy bosqichga kelgani haqida ma’lumot berdi.

Foto: Reuters

Nomzod vaksinalarni sinovdan o‘tkazish jarayoni

Vaksina yaratish bosqichlaridan har birining alohida maqsadi bo‘ladi.

Vaksina yaratilganidan so‘ng olimlar uni hayvonlarda, asosan, kemiruvchi va primatlarda sinab ko‘rishni boshlaydi. Ushbu bosqich klinik sinovlarga qadar bo‘lgan bosqich deyiladi. U immun javobini (organizm immun tizimining vaksinaga javob reaksiyasi, uning natijasida immunitet paydo bo‘ladi) va dori vositasi xavfsizligining dastlabki tahlillarini aniqlash uchun zarur. Shundan so‘ng tadqiqotchilar klinik sinovlarni o‘tkazishga kirishadi.

Klinik sinovlarning birinchi fazasi — oz miqdordagi odamlarda xavfsizlikni sinab ko‘rish maqsadida immunizatsiya (organizmni virusdan qo‘rqmaydigan qilish) o‘tkazish va immun javobini olish uchun zarur dozani aniqlash jarayoni.

Klinik sinovlarning ikkinchi fazasi. Bunda turli yosh oralig‘idagi odamlar immunizatsiya qilinadi. Bolalar, kattalar va keksalarga vaksina turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ushbu sinov vaksinaning xavfsizligi va immunogenligini, ya’ni uning immun tizimini rivojlantirish orqali immun javobini olish qobiliyatini qo‘shimcha ravishda tekshiradi.

Klinik sinovlarning uchinchi fazasi ommaviy xarakterga ega bo‘lib, vaksinaning xavfsizligi va samarasini, xususan, odamlarda salbiy ta’sirlarini tasdiqlash uchun zarur. Aksariyat hollarda sinovlar ikki guruh bo‘lingan holda o‘tkaziladi. Birinchi guruhdagi odamlar vaksina bilan emlanadi, ikkinchisi esa platsebo (hech qanday davolash xususiyatiga ega bo‘lmagan vosita) bilan.

Yakuniy bosqichda batafsil test o‘tkaziladi. U vaksinaning barcha talablarga javob berishiga ishonch hosil qilish uchun kerak.

Vaksinalar o‘rtacha 10 yil davomida yaratiladi. Tezlashtirilgan rejimda — kamida olti oy. Dori vositasi keltirib chiqaradigan salbiy ta’sirlarni tekshirish va uning samarasini aniqlash uchun immunizatsiya qilingan guruhdagi odamlar sog‘lig‘ini bir yoki yarim yil kuzatish kerak.

Klinik sinovlarning uchinchi fazasiga kimlar yetib keldi

Oksford universiteti (Buyuk Britaniya)

Oksford universiteti AstraZeneca kompaniyasi bilan birgalikda ChAdOx1 nCov-19 vektor vaksinasini yaratmoqda. Klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi fazalari aprelda boshlangan. Vaksinaning asosini odamlarda xavf tug‘dirmaydigan shimpanzelarda shamollashni qo‘zg‘atuvchi virus tashkil etadi. Shu bilan birga, inson organizmi uni COVID-19 koronavirusi sifatida qabul qilmoqda.

Sinovlarda 18-55 yosh oralig‘idagi 1077 nafar sog‘lom britaniyalik ishtirok etgan. Nomzod vaksinadan tashqari volontyorlarga platsebo yuborilgan. Olimlar tadqiqotlarning dastlabki ikkita fazasi natijalarini The Lancet jurnalida e’lon qilgan. Maqolada ta’kidlanishicha, vaksina 14 kun davomida organizmning sog‘lom hujayralarini zararli virus hujayralariga hujum qilishga undagan. Antitanalar virusni 28 kun ichida zararsizlantirgan.

Olimlarning ma’lum qilishicha, sinovdan o‘tkazilgan vaksinaning jiddiy salbiy ta’siri kuzatilmagan. Salbiy ta’sirlar orasidan inyeksiya yuborilgan joyda og‘riq, qizarish, shishish, qichishish, shuningdek, mushaklar og‘rig‘i, aralash og‘riqlar, charchoq, ko‘ngil aynishi, bosh og‘rig‘i, titroq va isitma chiqishi o‘rin olgan.

Foto: Reuters

Oksford universiteti 20-iyun kuni klinik sinovlarning uchinchi fazasini boshlagan. Tadqiqotlar bir vaqtning o‘zida Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika va Braziliyada o‘tkazilmoqda. Vaksina 8 mingdan ortiq ko‘ngillida sinovdan o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Sinovlarning uchinchi fazasi dastlabki ikkitasining algoritmini takrorlaydi va iyul oyi oxirlarida yakunlanishi kerak.

Sinovac Life Sciences (Xitoy)

Sinovac LS — Xitoydagi tadqiqot kompaniyasi bo‘lib, vaksina yaratish va uni sotishga ixtisoslashgan. Kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Sinovac LS Xitoyda vaksina texnologiyasi sohasida 12 ta patentga ega.

Kompaniya 2020-yilning yanvarida CoronaVac inaktiv vaksina yaratishni boshlagan. Kompaniya klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi fazasini Szyansu provinsiyasida amalga oshirgan. 18-59 yosh oralig‘ida bo‘lgan 743 nafar sog‘lom odam 14 kun farqi bilan vaksinaning ikkita dozasini qabul qilgan.

Dastlabki tadqiqot natijalari vaksina xavfsiz ekanligini ko‘rsatgan. CoronaVac vaksinatsiya amalga oshirilganidan 14 kun o‘tib neytrallovchi antitanalar paydo bo‘lishiga olib keladi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, neytrallovchi antitanalarni hosil qilish darajasi 90 foizga oshgan. Mazkur dori vositasi jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelmagan, biroq Sinovac LS bu boradagi batafsil ma’lumotlar bilan bo‘lishmagan.

Foto: Sinovac LS

Ikkinchi fazani 2020-yil oxirlarida yakunlashni taxmin qilgan kompaniya iyul oyining boshlarida klinik sinovlarning uchinchi fazasiga o‘tayotganini ma’lum qilgan. Ayni vaqtda sinovlar Braziliyada Instituto Butantan mahalliy immunobiologik dori vositalari va vaksinalar yaratuvchi kompaniya bilan hamkorlikda o‘tkazilmoqda. Vaksina Braziliyada 18-60 yosh oralig‘idagi 8870 nafar tibbiyot xodimlari va ko‘ngillilar o‘rtasida sinovdan o‘tkazilyapti.

Dori vositasi ikki guruhga bo‘lingan holda sinovdan o‘tkazilmoqda. Birinchi guruhga 14 kun farq bilan CoronaVac inyeksiyasining ikkita dozasi yuborilayotgan bo‘lsa, ikkinchisiga — platsebo. Dastlabki natijalar sentabrda ma’lum bo‘ladi. Taxminlarga ko‘ra, ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonlari oktabrda yakuniga yetadi.

Moderna (AQSh)

Moderna — Amerikaning biotexnologiya kompaniyasi bo‘lib, matritsali RNK asosida dori vositasi va vaksinalar yaratishga ixtisoslashgan. Kompaniya mRNA-1273 dori vositasi klinik sinovlarining birinchi fazasini muvaffaqiyatli o‘tkazgan, ikkinchi fazaga volontyorlar tanlash va uchinchi fazaga tayyorgarlik jarayonlarini yakunlagan. Klinik sinovlar AQSh yuqumli kasalliklar va allergiyalar milliy instituti ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Yaqinda kompaniya 18-55 yosh oralig‘idagi 45 nafar sog‘lom ko‘ngilli o‘rtasida o‘tkazilgan klinik sinovlarning birinchi fazasi natijalarini taqdim etdi. Ishtirokchilar 15 kishidan uch guruhga bo‘lingan. Ularning har biriga 28 kun oralig‘i bilan mRNA-1273’ning ikkita dozasi yuborilgan. Birinchi guruh dori vositasining 25 mkg miqdorida, ikkinchisi — 100 mkg, uchinchisi esa 250 mkg miqdorida qabul qilgan.

Foto: Alex Hogan

Natijalarga ko‘ra, mRNA-1273 koronavirusga qarshi “tezkor va kuchli immun javobi”ni hosil qilgan. Birinchi dozadan so‘ng deyarli barcha ishtirokchida antitanalar paydo bo‘lgan. Olimlarning ta’kidlashicha, vaksina salbiy ta’sirlarni yuzaga keltirgan bo‘lsa-da, xavfsiz bo‘lib chiqqan. Ular orasida — charchoq, titrash, bosh og‘rig‘i, mushaklar va inyeksiya qilingan joyda og‘riqlar mavjud.

Moderna iyul oyining boshida ikkinchi fazaga nomzodlarni yig‘ish jarayonini yakunlagan. Undan 600 kishi o‘rin olgan bo‘lib, ular 18-55 yosh oralig‘idagi va 55 yoshdan katta bo‘lganlardan iborat 300 kishilik ikki guruhga ajratilgan. Ayni vaqtda volontyorlar 28 kun farq bilan 50 mkg yoki 100 mkg mRNA-1273’ning ikkita dozasini yoki platsebo qabul qilmoqda.

Uchinchi faza ancha ommaviy tus oladi. Unda 30 mingga yaqin volontyor ishtirok etib, ularga 100 mkgdan mRNA-1273 yuboriladi. Kompaniyaning ma’lum qilishicha, uchinchi faza uchun kerak bo‘ladigan vaksinalarni ishlab chiqarish yakunlangan. Shu bilan birga, Moderna yiliga 500 million doza vaksina ishlab chiqarishga tayyorlanmoqda. Shuningdek, kompaniya 2021-yilda mRNA-1273’ni ishlab chiqarishni bir milliardga yetkazishni reja qilgan. Uchinchi faza sinovlari 27-iyul kuni boshlangan.

Uxan biologik mahsulotlar instituti / Pekin biologik mahsulotlar instituti

Ikkala institut ham Xitoy Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Milliy biotexnika guruhi tarkibiga kiradi.

Uxan instituti Vero Cells inaktiv vaksinasining klinik sinovlarga qadar sinovlarini maymunlarning ikki turida, sichqonlarning uch turida, quyon va dengiz cho‘chqasida o‘tkazgan. Klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi fazasi aprel oyida Xenan provinsiyasida o‘tkazilgan. Unda 18-59 yosh oralig‘idagi 1120 ko‘ngilli ishtirok etgan. Ular to‘rt guruhga bo‘lingan. Ko‘ngillilarga past, o‘rtacha va yuqori dozadan yoki platsebodan ikki marotaba inyeksiya yuborilgan.

Xitoy milliy biotexnika guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, klinik sinovlar vaksinaning “jiddiy yoqimsiz reaksiyalarsiz” xavfsizligini ko‘rsatgan. Salbiy ta’sirlar haqida ma’lumot keltirilmagan. Sinovdagi barcha ishtirokchilarda yuqori ko‘rsatkichdagi antitanalar paydo bo‘lgan.

Foto: Xitoy tibbiyot mahsulotlari milliy boshqarmasi

Iyun oyida Xitoy tibbiyot mahsulotlari milliy boshqarmasi uxanlik tadqiqotchilarga uchinchi fazani boshlashga ruxsat bergan. Sinovlar Xitoyda o‘tkaziladi. Bundan tashqari, vaksina Birlashgan Arab Amirliklaridagi 18 va undan katta yoshli 15 ming kishida sinaladi. Har biri 5000 ming kishidan iborat volyontyorlar guruhining ikkitasiga vaksina, qolgan 5000 tasiga platsebo yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonning Xitoydagi elchisi Baxtiyor Saidov va Sinopharm Group kompaniyasi rahbari Lyu Szinchjen bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda klinik sinovlarning uchinchi fazasini O‘zbekistonda o‘tkazish masalasi ko‘tarilgan. Sinopharm Group tarkibidan Xitoy milliy biotexnika guruhi o‘rin olgan.

Uning rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Pekin biologik mahsulotlar instituti tomonidan yaratilayotgan vaksina klinik sinovlarning birinchi va ikkinchi fazasidan bahor oyida o‘tib bo‘lgan. Unda 2240 kishi ishtirok etgan.

Xitoy klinik sinovlar reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, Uxan va Pekin biologik mahsulotlar institutlari bitta — Vero Cells dori vositasini yaratish bilan shug‘ullanmoqda.

Vaksinalar narxi

Amerikaning Moderna kompaniyasi bir kurs vaksinalarni 50-60 dollarga yoki dozasini 25-30 dollarga baholamoqda. Taxminlarga ko‘ra, vaksinalar bu kabi narxda aholisining daromadi yuqori bo‘lgan davlatlarda sotiladi. AstraZeneca esa o‘z vaksinasining dozasini 3-4 dollarga baholagan.

JSST nomzod vaksinalar borasidagi faktlarni shunchaki ma’lumot uchun taqdim etgan. Tashkilotning ma’lum qilishicha, biror mahsulot va ishlab chiqaruvchining kiritilgani u xalqaro tashkilot tomonidan ma’qullangani yoki targ‘ib etilayotganini anglatmaydi. Shuningdek, JSST ushbu ma’lumotlarning to‘g‘riligini tekshirish bo‘yicha oqilona choralar ko‘rmoqda, biroq nomzod vaksinalarning sifati, xavfsizligi va samarasiga oid ma’lumotlarning to‘liqligini kafolatlamaydi.