AQShda 27-iyuldan boshlab Moderna biotexnologiya kompaniyasining koronavirusga qarshi vaksinasi sinovining uchinchi — yakuniy bosqichi boshlandi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berilgan.

Foto: AP Photo

Klinik sinovlarda 30 ming kishi ishtirok etadi, u 1:1 nisbatda randomizatsiyalangan platsebo-boshqariluvchi tadqiqot usuli bo‘yicha amalga oshiriladi.

Associated Press agentligining yozishicha, bu ko‘lami jihatidan koronavirusga qarshi hozirga qadar o‘tkazilgan dunyodagi eng yirik klinik sinov hisoblanadi.

Moderna kompaniyasi vaksinani yaratish uchun AQSh Sog‘liqni saqlash vazirligidan 483 million dollar olgan. Shu bilan birga, klinik sinovlarning uchinchi fazasi u qadar ko‘p bo‘lmagan ko‘ngillilar orasida o‘tkazilishi taxmin qilingandi.

Biroq Food and Drug Administration bilan (Rospotrebnadzor muqobili) kelishilgan holda tomonlar uchinchi fazadagi sinovlar ko‘lamini kengaytirishga qaror qilgan. Buning uchun kompaniyaga qo‘shimga 472 million dollar ajratiladi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda koronavirusga qarshi vaksinaning klinik sinovlari yakuniga yetganini e’lon qilgandi. Shuningdek, u yaqin haftalarda yana to‘rtta vaksinaning sinovi yakunlanishini bildirgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi ham koronavirusga qarshi vaksina yaratilganini xabar qilgan. Uni ishlab chiqarish avgust oyida boshlanishi mumkin. Shuningdek, Buyuk Britaniyaning 90 million dozalik COVID-19 vaksinasiga buyurtma bergani haqida ham xabar berilgan edi.