Andijon viloyatida karantin vaqtida respublika bo‘ylab erkin harakatlanish huquqini beruvchi “yashil” yo‘lak ruxsatnomasini soxtalashtirgan bir guruh shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Foto: Andijon viloyat IIB

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 2020-yil 23-iyul kuni soat 10:00 da Ichki ishlar vazirligi O‘z xavfsizligi boshqarmasi Andijon viloyati bo‘yicha bo‘limi va viloyat IIB JQBK va IJQKB xodimlari bilan birgalikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda fuqarolar Yashin, Marat va Qobil (barcha ismlar o‘zgartirilgan) o‘zaro til biriktirib, fuqaro Mavlon Rajabovning Spark mashinasiga karantin vaqtida respublika bo‘ylab erkin harakatlanish huquqini beruvchi “yashil” yo‘lak ruxsatnomasini viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mutaxassisi lavozimida ishlagan tanishi orqali 1 million 200 ming so‘mga olib berishni va’da qilib, pullarni olayotgan vaqtida ushlangan.

Foto: Andijon viloyat IIB

Tergovga qadar tekshirishlar davomida Yashin va Marat ismli fuqarolar soxta “yashil” yo‘lak ruxsatnomasini tayyorlab, 10 dan ortiq fuqaroga 250-300 ming so‘mdan sotgani aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” (Bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib firibgarlik sodir etish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.