Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kuchaytirilgan karantin sabab 4200 ta tadbirkorlik subyekti faoliyatini to‘xtatganini va natijada 12705 nafar fuqaro ishsiz qolganini aytdi. Bu haqda hokim ishtirokidagi brifingda qatnashgan “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, karantindan avval viloyatda 28 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari mavjud bo‘lgan. Karantin e’lon qilingan birinchi davrda shulardan 12 mingtasi faoliyatini to‘xtatgan bo‘lsa, 10-iyul kunidan kuchga kirgan kuchaytirilgan karantin sabab 4200 ta sartaroshxona, oshxona, to‘yxona va buyum do‘konlari yana faoliyatini to‘xtatgan.

“Oldingisi bilan solishtirib aytaman. Boisi, biz ikkita kuchaytirilgan karantin davrini ham, yumshatilgan davrini ham boshimizdan o‘tkazdik. Hozir esa ikkala sharoitga ham moslashgan holda ishlayapmiz. Andijonda 28 mingdan ortiq tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritar edi. Oldingi kuchaytirilgan karantin davrida salkam 12 mingtasini to‘liq yopganmiz. Hozirgi davrda esa 4200 tasi faoliyatini to‘xtatgan. Bular oshxona, to‘yxona, sartaroshxona va boshqalar. Oldingi karantinda qurilish tashkilotlari, ayrim ishlab chiqarish korxonalarini ham yopgan edik. Lekin hozir ularni yopganimiz yo‘q. Bu safar asosan kasallikni tarqatish xavfi yuqori bo‘lgan joylarga e’tibor qaratdik. Misol uchun oshxonalar. Chunki ularning qulf-kaliti yo‘q, har xil odamlar to‘planadi. Bugun siz kirasiz, ertaga men, indinga yana boshqasi. Ularning qaysi biri kasalligini hech kim bilmaydi. Sanoat korxonalarida ham odamlar to‘planadi-ku, deb kimdir aytishi mumkin. U yerga doimiy ishlaydigan odamlar keladi. Ular kunlik gigiyena talablariga rioya qilishga majbur. To‘yxona, kafe va choyxonalarda esa bunday qilib bo‘lmaydi. Taksichilarda ham shunday ahvol. Bunaqa og‘ir sharoitda ham iqtisodiy ko‘rsatkichlarimiz orqaga ketgani yo‘q”, — dedi viloyat rahbari.

Hokimning qayd etishicha, karantin sababli ishsiz qolgan fuqarolar e’tibordan chetda qolmagan.

“Ishsiz qolganlar qiynalmasligi uchun ‘Saxovat va ko‘mak’ jamg‘armasiga murojaat qilishi mumkin. Ularning mavsumiy ishlashi uchun yetarli sharoitlar yaratilmoqda. Ish joyini yo‘qotib qiynalayotgan fuqarolarimiz bo‘lsa, ijtimoiy tarmoqlar yoki Call-markazlar orqali murojaat qilishlari mumkin. Murojaatlarni shaxsan sektorlar rahbarlari eshitadi va amaliy yordam beradi. Qo‘limizdan kelgan barcha harakatni qilamiz. Agar xalqimiz qiynalmasa, men prezidentimiz aytgan vazifani bajargan va oyligimni ham halollab olgan bo‘laman”, — dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
“Ustoz”, “muallim”, “domla”, “professor” — bu so‘zlarning asl ma’nosi nima?
Sport
Bundesliga. “Borussiya D” safarda mag’lubiyatga uchradi
Mahalliy
“Ikki milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijda mehnat qilib, daromad topmoqda” — Mehnat vaziri