Respublika maxsus komissiyasi markaziy shtabi xodimi Jo‘shqin Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, 22-iyul soat 10:00 holati bo‘yicha O‘zbekistonda uy sharoitida koronavirus infeksiyasidan davolanayotganlar soni 1706 nafarni tashkil qilmoqda. U bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanalining efirida ma’lum qilgan.

Foto: “Daryo”

“Hozirgi kunda respublika bo‘yicha uy sharoitida koronavirusdan davolanayotganlar 2020-yil soat 10:00 holatiga ko‘ra 1706 nafarni tashkil qiladi. Hududlar kesimida aytsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 58 nafar, Andijon viloyatida 136 nafar, Jizzax viloyatida 22 nafar, Navoiy viloyatida 40 nafar, Namangan viloyatida 21 nafar, Samarqand viloyatida 96 nafar, Sirdaryo viloyatida 156 nafar, Surxondaryo viloyatida 101 nafar, Qashqadaryo viloyatida 21 nafar, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 1050 nafar bemor uyda davolanmoqda”, — degan Jo‘shqin Qosimov.

Shuningdek, respublika maxsus shtabi a’zosi bemorlar shifokorlar nazorati ostida ekani, ular uchun maxsus qo‘llanma ishlab chiqilgani, bepul dori-darmonlar, tibbiy niqoblar, antiseptik va gigiyena vositalari yetkazib berilganini bildirgan.

2020-yil 10-iyulda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov koronavirusni uy sharoitida davolash shartlari, ichilishi mumkin bo‘lgan dori turlarini ma’lum qilgan. Ikki kun o‘tgach Sog‘liqni saqlash vazirligi COVID-19’ning alomatsiz shakli bilan kasallanganlarni uy sharoitida davolash va epidemiologik surishtiruv o‘tkazish tartibi belgilagani haqida xabar berilgan.

20-iyulda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini mamlakat tibbiyot tizimi bosimga tayyor emasligini ochiq-oydin ko‘rsatib qo‘yganini ma’lum qilgan va o‘zining Telegram’dagi kanali orqali Toshkent shahrida yo‘l qo‘yilgan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda, hududlarni ikkinchi to‘lqin bosimiga tayyorlash choralarini ko‘rishni tavsiya etgan.