Samarqand viloyati Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zoirov koronavirusga chalinib, hozirda sog‘aygani haqida ma’lum qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“Men koronavirus infeksiyasidan sog‘aydim. Hozir o‘zimni juda yaxshi his etyapman. Ammo hali ham qayerda kasallikni yuqtirib olganimni tasavvur qila olmayapman. Shuni bildimki, hech kim koronavirusga e’tiborsizlik bilan qaramasligi kerak. Salomatlik va xavfsizlik mutlaq ustuvor vazifadir. Shuning uchun barchamiz karantin qoidalariga qat’iy rioya qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz sog‘lig‘ini asraylik. Birgalikda bu sinovli damlarni yengib o‘tamiz”, — dedi Faxriddin Zoirov.
Eslatib o‘tamiz, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi Musa Yerniyazov koronavirusga chalingan, u Nukus shahridagi klinikada davolanmoqda. Musa Yerniyazov koronavirusdan davolanayotgani haqidagi dastlabki gap-so‘zlar iyul oyi boshida paydo bo‘lgan, biroq koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Nukusdagi shtab, Qoraqalpog‘iston Sog‘liqni saqlash vazirligi va Jo‘qorg‘i Kengesi iyul oyining boshida ushbu xabarlarni inkor etgan. O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov 18-iyul kuni Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurgan hamda xorijlik va mahalliy mutaxassislar va olimlar ishtirokida Musa Yerniyazovning ahvoli tahlil qilingan.
Mavzuga doir: Surxondaryo hokimining koronavirusga chalingani bir necha kun yashirildi. U COVID-19’ni yuqtirib olgan yagona hokim emas
Izoh (0)