Markaziy bank 2020-yilning yanvar—iyun oylari davomida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan xalqaro pul o‘tkazmalari va 2019-yilning mos davri bilan solishtirgandagi farqli jihatlar haqida ma’lumot berdi.

Foto: “Daryo”

Unga ko‘ra, O‘zbekistonga kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 2,4 milliard AQSh dollarini tashkil etib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 156 million dollarga yoki 6 foizga kamaygan.

Chet elga yuborilgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari miqdori 427 million dollarga yetib, 2019-yilning mos davriga nisbatan 40 million dollar yoki 9 foizga qisqargan.

Diagramma: Markaziy bank

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha ijobiy saldo 2 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 116 million dollarga (yoki 5 foizga) kamaygan.

Avval O‘zbekistonda naqd pul tushumlarining hajmi koronavirus epidemiyasidan avvalgi darajasini tiklayotgani, oltin va boshqa qimmatbaho metallardan tayyorlangan yombilarni Markaziy bank shoxobchalaridan sotib olish imkoniyati yaratilgani haqida xabarlar berilgandi.